O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik yangi imkoniyatlar ochmoqda
Munosabat
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik tobora barqaror va ko‘p qirrali tus olmoqda. Xitoy O‘zbekistonning muhim savdo-iqtisodiy hamkori hisoblanadi, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ham hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. O‘zaro savdo hajmining kengayishi, investitsiyalarning ortishi, qo‘shma korxonalar, transport infratuzilmasi va gumanitar aloqalarning rivojlanishi munosabatlarda strategik sheriklikning yangi bosqichga o‘tayotganidan dalolat beradi.
Ushbu tendensiya 2025-yilda Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamda savdo hamkorligi sezilarli natijalarga erishgan davrda, ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ldi.
Tovar aylanmasi hajmi 106,3 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Xitoy ilk bor mintaqa mamlakatlarining eng yirik savdo hamkoriga aylandi. Xitoyning Markaziy Osiyoga eksporti 71,2 milliard AQSH dollariga yetdi, bu esa bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 11 foizga ko‘pdir. O‘sish, avvalo, elektromexanik mahsulotlar hamda yuqori texnologiyali tovarlar yetkazib berish hajmining oshishi hisobiga ta’minlandi. O‘z navbatida, Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlaridan importi 35,1 milliard AQSH dollarini tashkil etib, yillik hisobda 14 foizga o‘sdi.
Ayni sharoitda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik alohida o‘rin tutadi. Xitoy O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy hamkorlaridan biri bo‘lib, respublika tashqi savdo aylanmasining eng katta qismi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yili ushbu ko‘rsatkich 17 226,7 million AQSH dollariga yetdi. Shundan O‘zbekiston eksporti 2 milliard 470,7 million AQSH dollarini, import esa 14 milliard 755,9 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu ma’lumotlar o‘zaro savdoning barqaror o‘sib borayotganini, shuningdek, tomonlarning iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga bo‘lgan yuqori qiziqishini ko‘rsatadi.
Savdo aylanmasining o‘sishi, o‘z navbatida, investitsiyaviy hamkorlikning faollashuvi bilan chambarchas bog‘liq. Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritayotgan eng yirik investorlardan biri bo‘lib qolmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyotiga kiritilgan Xitoy investitsiyalari hajmi 15 milliard AQSH dollaridan oshdi. Bu holat O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitining yaxshilanganidan dalolat berib, xitoylik investorlarning amalga oshirilayotgan islohotlarga ishonchini oshirmoqda.
Iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar muhim o‘rin tutadi. Joriy yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar va tashkilotlar orasida Xitoy yetakchi o‘rinni egalladi. Ushbu davlat kapitali ishtirokidagi 5 044 ta korxona faoliyat yuritgan bo‘lib, bu xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar umumiy sonining 27,8 foizini tashkil etadi. Bu Xitoy biznesining O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida faol ishtirok etayotganini tasdiqlaydi.
Bunday korxonalar faoliyatining kengayishi nafaqat an’anaviy, balki yuqori texnologiyali zamonaviy sohalarda ham hamkorlikni chuqurlashtirish uchun zamin yaratmoqda. Tomonlar yuqori texnologiyalar, “yashil” energetika, atom energetikasi, sun’iy intellekt, transport va boshqa yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bunday ko‘p tarmoqli hamkorlik iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, innovatsion yechimlarni joriy etish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
Sanoat va texnologik hamkorlik bilan bir qatorda transport-logistika bog‘liqligi ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston uchun xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish muhim sanaladi. Shu nuqtai nazardan, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi muhim ahamiyatga ega. Mazkur temir yo‘lning umumiy uzunligi 532,53 kilometrni tashkil etadi. Loyihaning amalga oshirilishi transport yo‘nalishlarini qisqartirish, O‘zbekistonning tranzit salohiyatini oshirish hamda Xitoy, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatini kengaytiradi.
Transport infratuzilmasining rivojlanishi o‘z navbatida, nafaqat savdo hajmining ortishiga, balki gumanitar, turistik va ishbilarmonlik aloqalarining kengayishiga ham xizmat qiladi. Bu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biri – fuqarolarning o‘zaro safarlari tartibini soddalashtirish bo‘ldi. 2025-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekiston va Xitoy fuqarolari har bir alohida tashrif davomida 30 kundan oshmagan muddatga viza talablaridan ozod etiladi. Bunda umumiy bo‘lish muddati har qanday 180 kunlik davr ichida 90 kundan oshmasligi lozim. Ushbu qadam turizm, ishbilarmonlik aloqalari, ta’lim va madaniy almashinuvlarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.
Shuningdek, Xitoy bilan hamkorlik kengayib borayotgani O‘zbekistonning davlat strategik hujjatlarida ham o‘z aksini topmoqda. “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturida Xitoy tajribasi asosida texnikumlarda o‘zbek-xitoy ustaxonalarini tashkil etish vazifalari belgilangan. Bundan tashqari, Xitoy Xalq Respublikasi bilan munosabatlarni yanada mustahkamlash vazifasi ham qo‘yilgan. Bu Xitoy bilan hamkorlik O‘zbekiston tomonidan tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralayotganini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlik barqaror taraqqiyot, iqtisodiy salohiyatni mustahkamlash va uzoq muddatli aloqalarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Ramzidin Nuridinov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi. O‘zA