Farg‘ona viloyatiga xalqaro e’tirof
"Fitch Ratings" xalqaro reyting agentligi Farg‘ona viloyatining xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli kredit reytingini “BB-” darajasida, istiqbolini esa “Barqaror” deb baholadi. Bu baho viloyatda yuqori investitsion jozibadorlik shakllangani, investorlar uchun qulay va tizimli muhit yaratilganini xalqaro darajada tasdiqlaydi.
Shuningdek, reyting Farg‘ona viloyatida tijoriy qarz yukining deyarli mavjud emasligi, byudjet daromadlari esa barqaror o‘sib borayotganini ko‘rsatadi.
E’tiborli jihati shundaki, 2025-yil noyabr oyida yana bir nufuzli xalqaro agentlik — S&P Global Ratings ham viloyat reytingini “B+”dan “BB-”ga oshirgan edi. Shu tariqa, bugungi kunda ikki yetakchi xalqaro reyting agentligi Farg‘ona viloyatining moliyaviy barqarorligini bir xil darajada baholamoqda.
Mazkur natija Farg‘ona viloyatini respublikadagi yagona shunday hudud sifatida namoyon etmoqda.
“BB-” reytingi esa viloyat iqtisodiyoti barqaror, moliyaviy xavflar nisbatan past va tashqi investitsiyalarni jalb qilish uchun ishonchli hamda sog‘lom muhit mavjudligini anglatadi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA