Nima uchun Ukrainaga YeIga ramziy a’zolik taklif qilindi? (+video)
Yevropa Ittifoqi Ukrainani tezlashtirilgan tartibda a’zo qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamagach, Bryusselda yangicha yondashuv, ya’ni cheklangan a’zolik maqomi haqida muhokamalar boshlandi, deb xabar berdi DW nashri.
Ekspertlarning fikricha, cheklangan a’zolik maqomi Ukrainaga ovoz berish huquqi va YeI byudjetiga to‘liq kirish imkonini bermaydi.
Ukrainani YeIga a’zo qilish taklifi ko‘plab davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaganidan keyin, Kiyevni Ittifoqqa olib kirishning yangi yo‘li sifatida “cheklangan a’zolik maqomi” g‘oyasi ko‘tarilmoqda. Bu format Ukrainaga to‘liq a’zolik berilgunga qadar oraliq, ramziy maqom sifatida ko‘rilmoqda.
Yevropa Kengashi rahbari Antoniu Koshta bu jarayon uzoq va murakkab ekanini ta’kidlab, Ukraina uchun sun’iy muddatlar belgilash mumkin emasligini aytdi. Germaniya kansleri Fridrix Mers esa Ukrainaning YeIga tez kirishining imkoni yo‘q ekanligini ochiq bildirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu tashabbus Germaniya va Fransiya tomonidan ilgari surilgan. Unga ko‘ra, Ukrainaga YeI bilan integratsiyalashuvning ayrim imtiyozlari berilishi mumkin, ammo u ovoz berish huquqiga ega bo‘lmaydi va YeI byudjeti, jumladan qishloq xo‘jaligi fondi kabi moliyaviy dasturlarga kirolmaydi.
Bundan tashqari boshqa bir taklif ham o‘rtaga tashlangan. Buni ko‘pchilik “teskari a’zolik” deyapti, ya’ni Ukrainaga to‘liq huquqlar bermasdan turib kengroq imkoniyatlar ochishni nazarda tutadi, ammo bu g‘oya ham qo‘llab-quvvatlanmagan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu takliflarni keskin rad etdi. Uning fikricha, Ukraina ramziy maqomga emas, to‘liq a’zolikka haqli, chunki u nafaqat o‘zini, balki butun Yevropani himoya qilmoqda.
Ayrim yevropalik ekspertlar cheklangan a’zolik maqomini to‘liq a’zolikka tayyorlovchi bosqich sifatida ko‘rmoqda. Ularning fikricha, bu maqom Ukrainaga YeI institutlarida ishlash tajribasini beradi. Biroq ovoz berish huquqi va byudjet kabi asosiy masalalar baribir cheklangan bo‘lib qoladi.
Ekspertlarning fikricha, YeI Ukrainaga aniq yo‘l xaritasini berishi kerak, aks holda bunday takliflar faqat siyosiy muhokamalar darajasida qolib ketaveradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Se0Ef5rOz24" title="Nima uchun Ukrainaga YEIga ramziy a’zolik taklif qilindi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA