Tehron xalqaro aeroporti 58 kunlik tanaffusdan so‘ng ochildi
Yaqin Sharqdagi keskinlik sabab ikki oy ishlamagan Tehrondagi Imom Humayniy xalqaro aeroportida tijorat parvozlari yana jonlanmoqda. Binobarin, mintaqaviy siyosat bu tiklanishga qanday ta’sir ko‘rsatishi hali noma’lum.
Reyslar qariyb ikki oylik cheklovdan so‘ng bosqichma-bosqich tiklanmoqda. AQSH – Isroil harbiy harakati sabab to‘xtab qolgan havo qatnovi 25-apreldan e’tiboran qayta yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda “Al Jazeera” nashri xabar bergan.
Hozir 8 mahalliy aviakompaniya Istanbul, Masqat, Madina, shuningdek Xitoy va Rossiyaga – jami 15 yo‘nalish bo‘yicha parvoz amalga oshirmoqda. Parvoz jadalligi hali urushdan oldingi darajaga chiqqani yo‘q: ilgari aeroport kuniga o‘rtacha 150 reysga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda faollik ancha past.
Eron fuqaro aviatsiyasi xizmati ma’lumotiga ko‘ra, qurolli to‘qnashuv oqibatida mamlakatning 20 samolyoti yo‘q qilingan. Infratuzilma jiddiy zarar ko‘rmagan, 95 foiz ishchi holatda saqlangan. Aeroport shaharchasi rahbari Ramin Koshif Ozor ta’kidlaganidek, xorijiy aviakompaniyalarning Eron bozoriga qaytishi bevosita mintaqadagi siyosiy barqarorlik va xavfsizlik kafolatiga bog‘liq.
Ma’lum qilinishicha, Eron havo hududi 19-apreldan boshlab bosqichma-bosqich ochilgan. Dastlab tranzit reyslar uchun yo‘lak taqdim etilgan. So‘ngra ichki qatnov tiklanib, keyin xalqaro parvozga ruxsat berilgan. Endi tijorat faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilyapti. Shunga qaramay, Tehron va Vashington o‘rtasida saqlanib qolayotgan siyosiy keskinlik xorijiy aviatashuvchilar qaroriga hamon sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA