Natijaga asoslangan boshqaruv modeli: qulayliklar yaratish orqali aholi farovonligi oshiriladi
Aholi turmush darajasini oshirish davlatimiz siyosatining muhim maqsadlaridan biridir. Shu maqsadda hududlarni kompleks rivojlantirish hamda zamonaviy infratuzilmani shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Iqtisodiyot, qurilish va transport yo‘nalishlarida davlat xizmati va boshqaruv samaradorligini rivojlantirish boshqarmasi bosh inspektori Sardor Abdullayev shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi:
– Mazkur sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish, xizmatlar ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirish va raqamlashtirish hamda fuqarolar uchun qulay va shaffof tizim yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida natijaga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish va davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
Boshqaruv samaradorligi agentligi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda vazirlikning vazifa va funksiyalari doirasida biznes jarayonlar tahlilini amalga oshirdi.
Tahlillar sohada bir qator tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatdi. Jumladan, 2025-yil davomida aholi va tadbirkorlar tomonidan qurilish sohasida taqdim etilgan 17 davlat xizmati arizalarining 27 foizi rad etilgan. Tanlov asosida o‘rganilgan arizalarning 12,5 foizi asossiz rad etilgan.
Bu holat ma’muriy jarayonlarning murakkabligi (6 bosqichgacha), ruxsat olish muddatlarining uzoqligi (3 - 12 oy), ob’ektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlarni olish jarayonlarining shaffof emasligi, qaror qabul qilishda inson omilining yuqoriligi kabi tizimli kamchiliklarni namoyon qildi.
Ushbu muammolar tadbirkorlarning ortiqcha ovoragarchiligi ortishiga, qurilish jarayonlari sekinlashishiga hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.
Prezidentimizning “Qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni joriy etish hamda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan qurilishga ruxsat olishda tadbirkorlarning xarajatlarini 2 barobargacha qisqartirish va sohada sun’iy intellektni joriy etish va davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inson omilini kamaytirish asosiy maqsad qilib qo‘yildi.
Qurilish sohasidagi eng katta yo‘qotishlar vaqt bilan bog‘liq. Loyihalashtirish va qurilish jarayonlarini qat’iy ketma-ketlikda amalga oshirish amalda 3-9 oylik kechikishga olib kelmoqda.
Shu bois, ayrim ob’ektlar uchun bosqichma-bosqich (“fast-track”) usulini joriy etish, ruxsat berish bosqichlarini 6 tadan 1 taga qisqartirish, binoning konstruksiyasi, zilzilaga bardoshligi va yong‘in xavfsizligiga ta’sir qilmaydigan o‘zgarishlar bo‘yicha loyihalarni shaharsozlik ekspertizasidan o‘tkazishda hududiy kengashlar bilan qayta kelishish amaliyotini bekor qilish, davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun qo‘shimcha muddat berish, shaharsozlik kengashi bilan kelishiladigan tashkilotlar sonini qisqartirish kabi choralar loyihalarni amalga oshirish muddatini kamida 30-40 foizga qisqartirish imkonini beradi.
Farmonga ko‘ra, qurilish sohasi mas’ul xodimlari hamda loyiha tashkilotlari mutaxassislari uchun shaharsozlik, arxitektura va qurilish sohasi rivojlangan ilg‘or xorijiy davlatlarda stajirovkalarni tashkil etish belgilandi.
Bunda, stajirovka dasturining aniq maqsad va natijalarga yo‘naltirilgani, amaliy ko‘nikmalarga ustuvorlik berilgani, olingan tajribani mahalliy sharoitga moslashtirish hamda stajirovka yakunida amaliyotga joriy etish rejalarini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratilgan.
Xalqaro tajriba qurilish sohasida samaradorlikni oshirishda raqamlashtirish hal qiluvchi omil sifatida namoyon bo‘layotganini ko‘rsatmoqda. Misol uchun, Turkiyada ruxsat berish jarayonlari 1-3 oyda yakunlanadi, Koreyada barcha kelishuvlar 20 kun ichida amalga oshiriladi.
Bu tajriba O‘zbekistonda “bitta ariza – bir to‘lov” tamoyili asosida texnik shartlarni olish hamda arizalarni onlayn monitoring qilish tizimini joriy etish hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda sun’iy intellektni joriy etish zarurligini ko‘rsatadi.
Hujjatga asosan 2026-yil 1-iyuldan ob’ektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulashni “bitta ariza – bir to‘lov – barcha ulanish nuqtalari” tamoyili asosida kompozit shaklda amalga oshirish hamda ob’ektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlarni berish jarayonlari bosh rejasi raqamlashtirilgan aholi punktlarida to‘liq inson omilisiz amalga oshiriladi.
Natijada ruxsat berish muddatlari 7 barobarga qisqaradi, investitsiyalar hisobiga qurilish jarayonlarini parallel ravishda olib borish orqali loyihalarni ishga tushirish jadallashadi. Davlat xizmatlarida sun’iy intellektning joriy etilishi inson omilini kamaytirib, arizalar monitoringi orqali sohada shaffoflik va hisobdorlikning ortishiga xizmat qiladi.
Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning o‘zaro uyg‘un va yaxlit mexanizm sifatida amalga oshirilishi, natijaga asoslangan boshqaruv modelining joriy etilishi nafaqat qurilish sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi, balki davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini ham oshiradi. Bu esa, xalqimizga maksimal qulayliklar yaratib, turmush farovonligi oshishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA