Eng yengilmas kuchimiz — ma’naviyat
Mustaqillik — har qanday xalqning nafaqat siyosiy erkinligi, balki uning milliy o‘zligini anglashi, asriy qadriyatlarini tiklashi va ma’naviy yuksalishi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadigan bebaho ne’mat, buyuk tarixiy voqelikdir.
Jonajon vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ 35 yillik to‘yi arafasida bosib o‘tilgan shonli taraqqiyot yo‘liga nazar tashlar ekanmiz, mamlakatimizda milliy qadriyatlarni asrash, tarixiy xotirani uyg‘otish va ma’naviy-ma’rifiy sohani tubdan yangi bosqichga olib chiqish borasida asrlarga tatigulik ulkan ishlar amalga oshirilganiga guvoh bo‘lamiz. Ayniqsa, keyingi yillarda ma’naviyatni jamiyatni harakatlantiruvchi kuchga, islohotlarning eng ta’sirchan va qudratli quroliga aylantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Biz Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish borasidagi milliy g‘oyamizni amalga oshirishda, avvalo, mana shunday qudratli ma’naviy kuchga, ajdodlarimizning bebaho merosiga tayanamiz.

Bugun Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, xalq manfaatlarini ta’minlash va ma’naviy taraqqiyotni mustahkamlash davlatimiz mustaqilligining eng bosh kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning: "Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir", degan chuqur ma’noli, falsafiy konsepsiyasi yurtimizdagi barcha yangilanishlarning tub mazmun-mohiyatiga aylandi. Mazkur ulug‘vor g‘oya mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning hayotbaxsh kuchini ifoda etadi. Zero, iqtisodiy va texnologik taraqqiyot qanchalik muhim bo‘lmasin, u ma’naviy barkamollik, insoniy fazilatlar va milliy qadriyatlarga tayanmasa, jamiyatda barqaror yuksalishni hamda kelajak avlod osoyishtaligini ta’minlay olmaydi.
Milliy qadriyatlar — xalqning ko‘p asrlik tarixi, urf-odatlari, an’analari, ona tili, muqaddas dini, boy madaniyati va ma’naviy merosini o‘zida mujassam etgan beqiyos boylikdir. Buyuk ajdodlarimiz ham jamiyat va davlat taraqqiyotida ma’naviyatning hal qiluvchi o‘rniga alohida e’tibor qaratganlar. Xususan, sharqning buyuk mutafakkiri Abu Nasr Forobiy: "Inson kamoloti jamiyat kamoloti bilan chambarchas bog‘liqdir", deya ta’kidlagan bo‘lsa, so‘z mulkining sultoni hazrat Alisher Navoiy: "Odamiy ersang, demagil odamiy, onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami", deb insonparvarlik, el-yurt dardi bilan yashash va jamiyat oldidagi mas’uliyat g‘oyalarini yuksak bosqichga ko‘targan.

Bugun Yangi O‘zbekistonda ana shu buyuk ma’naviy meros davlat va jamiyat taraqqiyotining muhim tayanchi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Keyingi yillarda yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda aholi, ayniqsa, yosh avlod o‘rtasida yot g‘oyalarga qarshi mustahkam ma’naviy immunitetni shakllantirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, uning hududiy bo‘linmalari hamda keng jamoatchilik ishtirokida tashkil etilayotgan targ‘ibot tadbirlari xalqimizning milliy g‘ururi, daxldorlik va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotir.
Bu xayrli va strategik ahamiyatga molik jarayonlarning amaliy natijalarini Buxoro viloyatining Shofirkon tumani misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Keyingi yillarda tumanda aholi turmush farovonligini oshirish, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, sport va infratuzilma sohalarini tubdan rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda. Zamonaviy maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarining barpo etilishi, eng chekka mahallalarda aholi uchun qulay va munosib shart-sharoitlar yaratilishi, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy dasturlar hamda madaniy-ma’rifiy loyihalarning muntazam tashkil etilayotgani islohotlarning amaldagi namunasidir.
Xususan, tumandagi barcha mahallalarda izchil o‘tkazilayotgan "Ma’naviyat soatlari", kitobxonlik aksiyalari, ijodiy uchrashuvlar, taniqli ziyolilar, olimlar va ijodkorlar ishtirokidagi samimiy muloqotlar hamda milliy qadriyatlarimizni qadrlashga qaratilgan tadbirlar aholining, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning ijtimoiy faolligi va ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, milliy o‘zligini anglagan, o‘z tarixi va qadriyatlarini chuqur biladigan xalqni hech qanday kuch o‘z yo‘lidan qaytara olmaydi. Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli yangilanishlarning bosh maqsadi ham milliy qadriyatlarimizga tayangan holda, zamonaviy, ochiq, demokratik va har tomonlama taraqqiy etgan jamiyat barpo etishdan iboratdir.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mustaqillikning qutlug‘ 35 yillik bayrami ostonasida xalqimizning asriy orzu-armonlari, boy ma’naviy merosi va milliy qadriyatlari asosida Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yo‘lida erishilayotgan tarixiy yutuqlar har bir yurtdoshimiz qalbida cheksiz iftixor va yuksak fuqarolik mas’uliyatini uyg‘otmoqda. Bugun oldimizda turgan ulug‘vor vazifalarni bajarish va global tahdidlarga qarshi turishda ma’naviyat eng yengilmas kuchimiz bo‘lib qoladi. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, bugungi tez o‘zgarayotgan dunyoda kim yutadi? Ma’naviy jihatdan uyg‘oq, o‘z milliy manfaatini, milliy qadriyatlarini qat’iy himoya qila oladigan xalq yutadi. Zero, milliy qadriyatlar barqaror, ma’naviy hayot yuksak bo‘lgan jamiyatda hamisha tinchlik, taraqqiyot, millatlararo totuvlik va umumiy farovonlik bardavom bo‘laveradi. Bu yo‘lda fidokorona mehnat qilish esa har bir ziyolining, ma’naviyat targ‘ibotchisining muqaddas burchidir.
Dilorom G‘afforova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Shofirkon tuman bo‘linmasi rahbari