Onkologik kasalliklarning oldini olish va davolashda tibbiy hushyorlik hamda xalqaro hamkorlik
Onkologik kasalliklar — organizmdagi hujayralarning nazoratsiz ravishda bo‘linishi, ko‘payishi va atrofdagi sog‘lom to‘qimalarga tarqalib, ularni vayron qilishi bilan tavsiflanuvchi xavfli o‘simtalar guruhidir. Bu xastalikning eng katta xavfi uning dastlabki bosqichlarda deyarli hech qanday og‘riq yoki yaqqol belgilarsiz, yashirin kechishidadir. Bemor o‘zida sezilarli o‘zgarish his qilganida, kasallik ko‘pincha kechki bosqichlarga o‘tib ulgurgan bo‘ladi. Bundan tashqari, saraton hujayralari qon va limfa tomirlari orqali butun tanaga tarqalish, ya’ni metastaz berish xususiyatiga ega bo‘lib, jarayon boshqa a’zolarga o‘tib ketganda uni nazorat qilish karrasiga qiyinlashadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, onkologik xastaliklar o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. Har yili dunyoda 20 millionga yaqin yangi kasallanish holati qayd etiladi va 10 millionga yaqin inson ushbu dard oqibatida hayotdan ko‘z yumadi. O‘zbekistonda ham bu ko‘rsatkich jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lmoqda. Mamlakatimizda har yili 25 mingdan ortiq kishida ilk bor xavfli o‘simtalar aniqlanmoqda. Ayniqsa, ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratoni, erkaklarda esa me’da, o‘pka va jigar saratoni yetakchi o‘rinlarda turibdi. Bizdagi eng katta muammolardan biri, bemorlarning shifokorga kech, ya’ni kasallik o‘tkazib yuborilgan davrda murojaat qilishidir.
Aslida, zamonaviy tibbiyot saraton davosiz dard emasligini isbotlamoqda. Agar xastalik 1- va 2-bosqichlarda, ya’ni erta aniqlansa, bemorlarning to‘liq sog‘ayib ketish va uzoq yillar sog‘lom hayot kechirish ehtimoli 80-90 foizdan yuqori bo‘ladi. Biroq kasallik 3- va 4-bosqichlarda aniqlanganda davolash samaradorligi keskin tushib ketadi. Bu vaziyatda afsuski, tibbiyotning maqsadi bemorni to‘liq tuzatish emas, balki uning azoblarini yengillashtirish, ya’ni palliativ yordam ko‘rsatish bilan cheklanib qoladi. Dunyo miqyosida bemorlarning taxminan 50 foizi vaqtida davolanmagani yoki shifokorga kech borgani sababli vafot etmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda onkologiya tizimi tubdan yangilanib, hududlarda zamonaviy skrining markazlari tashkil etildi. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya markazi eng zamonaviy yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlandi. Ilgari bemorlar kimyoterapiya dorilari yoki murakkab nur terapiyasi uchun xorijga borishga majbur bo‘lgan bo‘lsa, bugun bu muolajalarning katta qismi yurtimizda davlat tomonidan bepul yoki imtiyozli asosda amalga oshirilmoqda. Biroq aholi o‘rtasida tibbiy madaniyat va profilaktik ko‘riklardan o‘tish ko‘nikmasining pastligi hanuz asosiy muammo bo‘lib qolmoqda. Chekka hududlardagi birlamchi tibbiyot bo‘g‘inlarida onkologik hushyorlikning yetishmasligi va kadrlar tanqisligi tizimni yanada takomillashtirishni talab etmoqda.
– Ayni shunday dolzarb vazifalarni hal etish maqsadida poytaxtimizda onkologik kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash va davolash tizimini takomillashtirish hamda palliativ tibbiy yordam ko‘rsatish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘magida tashkil etilgan ushbu tadbirda Prezident Administratsiyasi mas’ullari, Sog‘liqni saqlash vazirining mutasaddilari va JSSTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari ishtirok etdi.
Anjumanda, shuningdek, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi, Loyiha xizmatlari ofisi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, AQSHning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi, Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi hamda Germaniyaning KfW banki kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, yetakchi onkolog-mutaxassislar va xalqaro ekspertlar qatnashdi. Seminarning asosiy mavzusi onkologik kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy dastur loyihasi muhokamasiga bag‘ishlandi. Mazkur hujjat yurtimizda onkologiya xizmatini kompleks rivojlantirish, tibbiy yordam sifati va samaradorligini oshirish, kasalliklarni erta aniqlash hamda zamonaviy diagnostika va davolash usullarini keng joriy etishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda palliativ tibbiy yordamni kuchaytirish, og‘ir bemorlarning hayot sifatini yaxshilash, onkourologik kasalliklarni erta tashxislash va bemorlar marshrutlarini optimallashtirish kabi masalalar muhokamalar markazida bo‘ldi. Seminar yakunida ta’kidlanganidek, Milliy dastur doirasida belgilanayotgan chora-tadbirlar va xalqaro hamkorlik aholi salomatligini muhofaza qilish, saratonning salbiy oqibatlarini kamaytirish hamda tibbiy xizmatni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA