Narkojinoyatlarga qarshi kurashishda zamonaviy usullarni qo‘llash bo‘yicha hamkorlik qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligida AQSHning Xalqaro narkotiklarga qarshi kurashish va huquqni muhofaza qilish idorasi (INL) vakili N.Rettenmayer hamda AQSHning Narkotiklarga qarshi kurash agentligi (DEA) xodimlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bojxona qo‘mitasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda xodimlarning kasbiy malakasini oshirish, yashirin narkolaboratoriyalarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qo‘yish masalasiga e’tibor qaratildi.
Kibermakonda sodir etilayotgan narkojinoyatlarga qarshi kurashishda zamonaviy usullarni birgalikda qo‘llash masalalari muhokama qilindi.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladigan aniq chora-tadbirlar, ularning ijro muddatlari hamda zarur resurslar yuzasidan kelishuvga erishildi.
Tomonlar hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, tajriba va texnologiyani birlashtirib, samarali tizim yaratishga kelishib oldi.
Uchrashuvda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari INL hamda DEA kabi nufuzli tashkilotlar tomonidan o‘qitilishi belgilandi.
N.Abduraimova,
O‘zA