Metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalaridagi qonun hujjatlari takomillashtirilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida bo‘lib, uning faoliyati, texnik jihatdan tartibga solish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qonunlarning ijrosini ta’minlash borasidagi ishlar bilan tanishdi.
Uchrashuv doirasida “Texnik jihatdan tartibga solish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalarida olib borilayotgan islohotlar: amaliy natija va dolzarb takliflar” mavzuida seminar o‘tkazildi. Seminarda ayni vaqtda quyi palatada ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotgan “Mahsulotlarning umumiy xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini takomillashtirish haqida so‘z bordi.

Muhokamalarda mazkur qonun loyihalarining mazmuni va ahamiyati, shuningdek, parlamentdagi muhokamalar davomida bildirilgan takliflarga e’tibor qaratildi. Ushbu hujjatlar mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va bozor nazoratining zamonaviy tizimini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekani ta’kidladi.

Masalan, “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasida mahsulot muomalaga chiqarilgandan keyin uning xavfsizligini nazorat qilish mexanizmlari mustahkamlanmoqda. Nazorat xaridlari, monitoring va ekspertiza kabi ta’sirchan usullarni qo‘llash, nomuvofiq mahsulotlarni bozordan chiqarish va chaqirib olish tartiblarini belgilash nazarda tutilgan.

Seminarda qonun loyihalarini maromiga yetkazishda o‘zaro hamkorlikdagi ishlar bo‘yicha galdagi vazifalar belgilab olindi.
M.Komilova,
O‘zA