O‘zbek turizm brendi – Hong Kongda
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy hamda madaniy aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Xususan, Hong Kong maxsus ma’muriy hududida o‘tkazilgan “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi va O‘zbekiston–Xitoy biznes-forumi buning yorqin isbotidir.

Mazkur tadbirda O‘zbekistonning ishtiroki Osiyoning eng yirik moliyaviy, biznes va logistika markazlaridan biri hisoblangan Hong Kongda mamlakat pozitsiyasini mustahkamlash nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi. Hong Kong Xitoy va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bozorlariga chiqish uchun muhim xalqaro platforma bo‘lib, global MICYe hamda biznes turizmining yetakchi markazlaridan biri hisoblanadi.

Forumning ikkinchi kunida Turizm qo‘mitasi tomonidan Hong Kongning yetakchi turizm kompaniyalari, turoperatorlari va DMC vakillari ishtirokida B2B platforma tashkil etildi. Unda “ABC Travel Agency Co., Ltd”, “CC Holiday Ltd”, “Chan Kee Travel”, “Easy Travel”, “Gold Choice Holidays”, “Harmony Tours and Culture”, “Upper Century Holiday International” va boshqa kompaniyalar qatnashdi.

O‘zbekiston tomonidan “Ayvan International Avia Tour LTD”, “Satguru Travel”, “Travel Together”, “Maroqand Travel”, “Afandi Travel” kompaniyalari hamda Qashqadaryo viloyati turizm boshqarmasi vakillari ishtirok etdi. Muloqot va muzokaralar yakunida turizm sohasi vakillari o‘rtasida qariyb 20 ta hamkorlik kelishuvi imzolandi.

O‘zbekiston delegatsiyasining yuqori darajadagi ishtiroki xalqaro biznes hamjamiyatining O‘zbekistonga Markaziy Osiyoning yangi turizm va investitsiya markazi sifatidagi qiziqishi ortib borayotganini yana bir bor namoyon etdi. Hong Kongdagi biznes missiyada O‘zbekistondan 150 nafardan ortiq tadbirkor ishtirok etib, tashrif dasturidan biznes doiralar bilan uchrashuvlar, investitsion taqdimotlar hamda mamlakatning eksport va turizm salohiyatini kengaytirishga qaratilgan tadbirlar o‘rin oldi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA