Mustaqillik – buyuk ne’mat
Zahriddin Muhammad Bobur nomli Andijon viloyat Axborot-kutubxona markazida “Mustaqillik – buyuk ne’mat” deb nomlangan adabiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbirda yozuvchi va shoirlar, kutubxona xodimlari, Andijon shahridagi harbiy qism askarlari, ijodkor yoshlar, adabiyot muxlislari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari, shoira Xurshida Vahobjon qizi, uyushma a’zolari Farid Usmon, Habib Siddiq, Xalim Karim, Vosit Ahmat va boshqalar tomonidan mustaqillik xalqimizga berilgan ulug‘ ne’mat ekanligi, bugungi tinch, dorilomon kunlarga osonlikcha erishilmaganligi, qancha-qancha insonlar ozod kunlarga yetishni orzu qilib o‘tganliklari, istiqlol yillarida yurtimizda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik, yaratuvchilik ishlari haqida gapirdi.


- Ayniqsa, ma’naviyatimiz, odamlarning ong-shuuridagi o‘zgarishlar, o‘zlikni anglash, istiqlol ne’matiga shukronalik xalqimiz birligi va hamjihatligining mustahkam qalqoniga aylandi, - deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Xurshida vahobjon qizi. – Ana shu jarayonda, xususan, istiqlol g‘oyasi, mustaqillikka hurmat-ehtirom tuyg‘ularining shakllanishi, xalqimiz qalbidan mustahkam joy olishida ijod ahlining o‘rni va roli nihoyatda katta. Ishonch bilan ayta olamanki, fidoiy ijodkorlarimizning bu boradagi ijodi yanada sermahsul bo‘ladi.
Tadbir davomida ijodkorlar, yoshlar tomonidan mustaqillik, tinch va farovon hayotimizni madh etuvchi she’rlar o‘qildi. Bir guruh ijodkorlar ishtirokchilarga yangi chop etilgan kitoblarini sovg‘a qildi.
Yosh san’atkorlar tomonidan namoyish etilgan badiiy dastur tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.


Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri