Xorazm — tarix va taraqqiyot chorrahasida
Xorazm — tarixini toshlarga, naqshlarga va qadimiy shaharlariga muhrlagan zamin.
Bu yerda o‘tmish va bugun bir-biridan ajralmaydi. Xiva devorlaridagi asrlar sadosi, ustalar qo‘lida davom etayotgan hunarmandchilik an’analari va yangi qurilayotgan zamonaviy inshootlar bir makonda, bir vaqtda namoyon bo‘ladi.
Bugun Xorazm tarixiy merosini asrab-avaylash bilan birga, yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Ayniqsa, Xiva va Urganch atrofida turizm infratuzilmasi, transport va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi yangilanishlar viloyatning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Xiva — bugun dunyo sayyohlarini o‘ziga chorlayotgan tarixiy shahargina emas. U zamonaviy turizm, mehmondo‘stlik va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari rivojlanayotgan yirik markazga aylanmoqda. Yangi turistik majmualar, mehmonxonalar, hunarmandchilik maskanlari va madaniy ob’ektlar qadimiy shaharning jozibasini yanada oshirmoqda. Viloyatda turizm iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biri sifatida qaralmoqda.
Ayni paytda Xorazmning zamonaviy qiyofasini transport infratuzilmasidagi o‘zgarishlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Urganch xalqaro aeroporti, temir yo‘l tarmoqlari va Urganch–Xiva yo‘nalishidagi yangi infratuzilma loyihalari hududning mamlakat va xalqaro sayyohlik makoni bilan bog‘liqligini yanada kuchaytirmoqda.
Xorazm sanoati ham yangi mazmun bilan boyimoqda. Kimyo, mashinasozlik, qurilish materiallari, optik tolali kabellar va boshqa yo‘nalishlarda yangi loyihalar amalga oshirilib, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari shakllanmoqda. Bu jarayon hudud iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Viloyat qishloq xo‘jaligida ham o‘ziga xos tajriba va an’analarga ega. Voha dehqonining mehnati tufayli dalalarda paxta, g‘alla, sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtiriladi. Zamonaviy texnologiyalar, suvdan oqilona foydalanish va qayta ishlash imkoniyatlarining kengayishi agrar tarmoqning samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Xorazmning yana bir boyligi — uning odamlari. Ustalarning qo‘lidagi yog‘och va mis, kulolning charxidagi loy, zargarning nozik ishi, milliy matolar va naqshlarda avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan madaniy xotira mujassam.
Ta’lim, ilm-fan, tibbiyot va sport sohalaridagi o‘zgarishlar esa tarixiy merosga zamonaviy hayot mazmuni qo‘shilayotganidan dalolat. Yoshlarning bilim olishi, yangi kasblarni egallashi va sportda o‘zini namoyon etishi uchun yaratilayotgan sharoitlar viloyatning kelajak salohiyatini belgilamoqda.
Mazkur fotogalereyada Xorazmning ikki qiyofasi bir vaqtda namoyon bo‘ladi: asrlar bag‘ridan yetib kelgan tarix va bugun bunyod etilayotgan zamonaviy hayot. Xiva ko‘chalaridagi sayyoh, ustaxonadagi hunarmand, dalasidagi dehqon, korxonadagi ishchi, sinfxonadagi o‘quvchi va sport maydonidagi yosh — barchasi bir butun Xorazm manzarasini yaratadi.
[gallery-31149]
Xorazm — tarixini asrab, kelajagini bunyod etayotgan zamin. Bu yerda har bir yangi qurilish, har bir ishlab chiqarish korxonasi, har bir ta’lim muassasasi va har bir turistik maskan qadimiy vohaning yangi tarixiga qo‘shilayotgan navbatdagi sahifadir.
Behzodbek SAIDOV (surat), O‘zA