Konchilar bayramni munosib nishonladilar
Navoiy shahridagi “So‘g‘diyona” o‘yingohida mustaqilligimizning o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlab katta bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Boshqaruvi raisi – Bosh direktori, O‘zbekiston Qahramoni Quvondiq Sanaqulov so‘z olib, barcha yurtdoshlarimizni qutlug‘ sana bilan qizg‘in muborakbod etdi.

Shu kunlarda yurtimizda eng ulug‘, eng aziz bayram shukuhi kezmoqda. O‘zbekiston xalqi ushbu shonli sanani “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” ezgu g‘oyasiga hamohang ko‘tarinki kayfiyatda qarshi olmoqda. Kecha Yangi Toshkentda bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda Davlatimiz rahbari tomonidan e’tirof etilgan yutuqlar Yangi O‘zbekiston xalqiga cheksiz mamnunlik bag‘ishladi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatining ko‘pming kishilik jamoasi ham bu ulug‘ ayyomni ulkan tayyorgarlik bilan munosib tarzda nishonlamoqda. Fidokorona mehnat ortidan barcha ko‘rsatkichlar ortig‘i bilan bajarilib, konchilar eng ulug‘, eng aziz bayramni yorug‘ yuz bilan peshvoz olmoqda.
Kombinat jamoasi so‘nggi o‘n yillik zalvorli yo‘llar va zafarli yillarni sarhisob qilib, yangi marralar sari qadam qo‘ymoqda. Birgina, 2017-2025-yillarda 25 ta yirik investitsion loyihani amalga oshirish evaziga o‘tgan yili oltin ishlab chiqarish 2016-yilga nisbatan 35 foizga o‘sdi. Natijada tog‘ jinslarini qazib olish 3 baravarga, ma’danni qayta ishlash hajmi 2 baravarga oshdi. Qolaversa, yoshlar uchun 18,8 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.


- Albatta, bu ulkan mas’uliyat, kecha-yu kunduz olib borilayotgan fidokorona mehnatlar zamirida, ya’ni, qazib olinayotgan har bir tonna ma’dan, ishlab chiqarilayotgan har bir gramm oltin va ishga tushirilayotgan yangi quvvatlar ortida yurtimiz iqtisodiy barqarorligi va xalqimiz farovonligini ta’minlashga qaratilgan ezgu niyatlar mujassam. Yutuqlarga erishish biz uchun oson bo‘lgani yo‘q. Lekin jamoamiz kuchi, salohiyati, qorako‘zlarimizning vatanparvarligi va kasbiga bo‘lgan sadoqati bilan ulkan marrani zabt etishni uddaladik, - deydi “NKMK” AJ Texnologiyalar bo‘yicha direktor Shuhrat Norbadalov.
Darhaqiqat, kombinat uchun yer osti boyliklaridan ham qimmatli boylik, bu – zahmatkash insonlari! Uning bugungi taraqqiyoti ikki kuch - zamonaviy texnologiya va inson mehnati uyg‘unligiga tayanadi. Kecha Qizilqum bag‘rida boshlangan ulkan sanoat yo‘li bugun yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda. Bu yo‘lning borar manzili esa aniq - kuchli sanoat, texnologiya taraqqiyoti, munosib mehnat va farovon hayot!
Mana shunday e’tiroflar bilan soha fidoyilari yurtimiz to‘yiga munosib sovg‘a hozirladi. Janubiy kon boshqarmasida 400 o‘rinli maishiy bino, Zarafshon qurilish boshqarmasi ishchilari uchun 220 o‘rinli yotoqxona, Markaziy kon boshqarmasida Avtotransport o‘quv majmuasi binosi, Gamma aktivlashtirilgan laboratoriyasi binosi, Geologiya-qidiruv ekspeditsiyasida Namuna-tahlil laboratoriyasi va boshqa ko‘plab ob’ektlar bayram arafasida ishga tushirildi.


Tantanalarda, O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov rahbarligidagi “Bravo” orkestr jamoasining Navoiy, Zarafshon va Uchquduq shaharlarida bo‘lib o‘tgan konsert dasturlari soha zahmatkashlari, mahalliy aholi vakillari qalbiga o‘zgacha musiqiy kayfiyat ulashdi.
Ayni paytda NKMK ma’muriyati va kasaba uyushmasi Kengashi hamkorligida Navoiy, Zarafshon, Uchquduq shaharlari, Marjonbuloq shaharchasi kabi konchi va metallurglar maskanlari, shuningdek, NKMKning Termiz, Nurobod, Tuproqqal’a tumanlarida joylashgan bo‘linmalarda bayram tantanalari uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda. Yuksak e’tiroflar, bayram dasturxonlari, konsert dasturlari, mushakbozliklar ishchi-xodimlarga bayramona kayfiyat ulashmoqda.
- Bu yilgi mustaqillik ayyomi oldingi yillardan ayrim jihatlari bilan ajralib turadi. Chunki, 35 yillik, bu – tarixiy bayram. Bu - fidoyi xalqimiz keng tantana qilishga arzigulik shodiyona. Yangi Toshkentda davlatimiz rahbari ishtirokida o‘tgan respublika tadbirini oynai jahonda ko‘rib, shunday jannatmakon yurtda, tinch zamonda yashayotgan har bir yurtdoshimizning ko‘ngli yanada iftixorga to‘ldi. Ushbu bayram men uchun quvonchli keldi. Muhtaram Yurtboshimiz Farmoni bilan “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘ldim, - deydi “Zarmitan" koni ishchisi, Rashid Abilov.



Tadbir ishtirokchilari bilan to‘lgan besh ming kishilik o‘yingohda yangragan kuy-qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari, mushakbozlik barchaga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA