Muqaddam sudlangan narkosavdogarlar ozodlikdan mahrum etildi
Giyohvandlik — jamiyat xavfsizligi, millat kelajagi va yoshlar taqdiriga rahna soluvchi eng og‘ir illatlardan biri. Afsuski, ayrim shaxslar bu “ajal savdosi”ga qo‘l urib, nafaqat o‘z hayotini, balki boshqalar taqdirini ham jar yoqasiga olib bormoqda.
Jumladan, Toshkent viloyatining Bekobod tumanida yashovchi, 1999 y.t., muqaddam Jinoyat Kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) va 140-moddasi (haqorat qilish) bilan sudlangan ayol 2025-yilning iyul oyida qo‘shni respublikaga borib, narkosavdogardan 1 kg “gashish” moddasini 6 ming AQSH dollariga sotib olish va uni mamlakatimiz hududidagi tegishli manzilga yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Oradan ma’lum bir vaqt o‘tib, ayol “Vatsap” messenjeri orqali giyohvandlik vositasi qoldirib ketilgan xufiya joy manzilini olgan.

So‘ngra muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan ikki tanishi bilan Bekobod shahri hududidagi dala maydoniga yo‘l olgan.
Biroq, ular ajal og‘usini xufiya joydan olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, giyohvandlik vositasining sof og‘irligi
985 граммни tashkil etgan.
Tergov jarayonida ayol o‘zining 1993 y.t. jinoiy sherigi bilan birgalikda Bekobod shahridan ijaraga xonadon olib, u yerda giyohvandlik vositalarini sotish hamda iste’mol qilish uchun “bangixona” tashkil etganliklari ham fosh bo‘ldi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod shahar sudining hukmiga ko‘ra, mazkur shaxslar Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga nisbatan 8 yil 3 oydan 10 yil 6 oy muddatgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq holatlarga duch kelsangiz ДХХning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.