Ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldi olinadi
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish choralarini kuchaytirishga, shuningdek ba’zi jinoyatlar tergovining sifatini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar va bolalarni jinsiy zo‘ravonlikdan va axloqqa zid tajovuzlardan asrashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, xotin-qizlarga va voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etiladigan jinsiy erkinlikka hamda axloqqa qarshi jinoyatlar bilan bog‘liq ishlarni sudga qadar yuritish hamda bu jinoyatlarda aybdor deb topilgan mahkumlarning jazoni o‘tashi bilan bog‘liq ayrim muammolar mavjud.

Qonun yuqoridagi kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, Jinoyat-protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslariga, “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksida jinsiy erkinlik va axloqqa qarshi ayrim jinoyatlar, ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar hamda odam o‘limiga sabab bo‘lgan mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergov ishlarini ichki ishlar organlaridan prokuratura organlariga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Jinoyat-ijroiya kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan ayrim shaxslarni manzil-koloniyalarga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

“Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda prokuratura organlari bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilganligi faktlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshirishi, ular yuzasidan dastlabki tergovni olib borishi hamda ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning jazoni ijro etishi ustidan nazoratni amalga oshirishi, ichki ishlar organlari esa bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan tayinlangan jazoning ijro etilishini amalga oshirishi belgilanmoqda.
Senatorlar ushbu qonun xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni kuchaytirish, ularga nisbatan sodir etiladigan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish samaradorligini oshirishga hamda bu boradagi og‘ir jinoyatlar bo‘yicha tergov sifatini tubdan yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Majlis yakunida tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA