Mundialning barcha ishtirokchilari ma’lum
"Jahon chempionati – 2026"
AQSH, Kanada va Meksika davlatlari mezbonligida futbol bo‘yicha o‘tadigan Jahon chempionatida ishtirok etadigan 48 ta jamoa nomi aniq bo‘ldi.

Jumladan, 31-mart kuni bo‘lib o‘tgan Yevropa mintaqasi pley-off finallari yakuniga ko‘ra, Bosniya va Gersegovina terma jamoasi Italiyaga qarshi o‘yinda 1:1 hisobida durang o‘ynadi va g‘olibni aniqlash uchun o‘tkazilgan penaltilar seriyasida 4:1 hisobida zafar quchdi. Natijada italiyalik futbolchilar bu gal ham mundial yo‘llanmasidan quruq qoldi.

Shuningdek, ushbu bosqichda Shvetsiya 3:2 hisobida Polsha ustidan g‘alaba qozondi. Turkiya esa 1:0 hisobida Kosovoni taslim etdi. Chexiya esa Daniyani (2:2) penaltilar seriyasida 3:2 hisobida yengdi.
Shu tariqa, Bosniya va Gersegovina, Shvetsiya, Turkiya hamda Chexiya mundialga yo‘l oldi.

Jahon chempionatining so‘nggi yo‘llanmasi qit’alararo pley-off bosqichi orqali aniqlandi. Unda Iroq 2:1 hisobida Boliviyani yengdi va mundial ishtirokchisiga aylandi.
Shu tariqa, Jahon chempionati guruhlari quyidagicha ko‘rinish oldi:
A guruhi: Meksika, Janubiy Afrika, Janubiy Koreya, Chexiya;
B guruhi: Kanada, Shveysariya, Qatar, Bosniya va Gersegovina;
C guruhi: Braziliya, Marokash, Gaiti, Shotlandiya;
D guruhi: AQSH, Paragvay, Avstraliya, Turkiya;
E guruhi: Germaniya, Kyurasao, Kot-d’Ivuar, Ekvador;
F guruhi: Niderlandiya, Yaponiya, Tunis, Shvetsiya;
G guruhi: Belgiya, Misr, Eron, Yangi Zelandiya;
H guruhi: Ispaniya, Kabo-Verde, Saudiya Arabistoni, Urugvay;
I guruhi: Fransiya, Senegal, Norvegiya, Iroq;
J guruhi: Argentina, Jazoir, Avstriya, Iordaniya;
K guruhi: Portugaliya, Kolumbiya, O‘zbekiston, DR Kongo;
L guruhi: Angliya, Xorvatiya, Gana, Panama.

Ma’lumot uchun, Milliy terma jamoamizning «K» guruhidagi uchrashuvlar taqvimi quyidagicha ko‘rinish olgan:
1 tur: O‘zbekiston — Kolumbiya, 18-iyun soat 07:00;
2 tur: Portugaliya — O‘zbekiston, 23-iyun soat 22:00;
3 tur: Kongo DR — O‘zbekiston, 28-iyun soat 04:30.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA