Kuchlilar saralandi
Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida mahallalar yoshlari o‘rtasida “Shijoat va g‘ayrat” shiori ostida harbiy-sport musobaqasi tashkil etildi. Jo‘shqin ruh va qizg‘in bellashuvlarga boy tarzda o‘tgan mazkur tadbir yoshlarning jismoniy chiniqishi, harbiy tayyorgarligini oshirish hamda ularda Vatanga sadoqat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qildi.
Belgilangan nizom asosida o‘tkazilgan musobaqada ishtirokchilar bir qator sinovlar orqali o‘z imkoniyatlarini namoyon etdilar. Xususan, AK-74 avtomatini qismlarga ajratish va qayta yig‘ish, 100 hamda 200 metr masofalarga yugurish, turnikda tortilish va press mashqlari bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlar yoshlarning nafaqat jismoniy, balki ruhiy bardoshi va irodasini ham sinovdan o‘tkazdi.

Ayniqsa, har bir shartda kuchli raqobat va intiluvchanlik yaqqol namoyon bo‘lib, ishtirokchilar g‘alaba sari intilish, jamoaviylik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash fazilatlarini namoyon etdilar. Bu esa musobaqaning tarbiyaviy ahamiyatini yanada oshirdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Inoqlik mahallasi yoshlari barcha shartlarda yuqori natijalarni qayd etib, mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga mos ravishda Ibrat va Yulduz mahallalari jamoalari sazovor bo‘ldi.


G‘olib va sovrindor jamoalar Yoshlar ishlari agentligining tuman bo‘limi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, g‘olib jamoaga musobaqaning viloyat bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanma taqdim etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri