Muborakda zamonaviy ichimlik suvi inshooti foydalanishga topshirildi
Muborak tumani markazi aholisini sifatli va barqaror ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida muhim qadam tashlandi. Tumanda zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilingan markaziy suv inshooti foydalanishga topshirildi. Ob’ektning foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi, “Qashqadaryo suv ta’minoti” AJ mas’ullari, soha mutaxassislari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mazkur inshootni modernizatsiya qilish ishlari Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-maydagi 427-sonli qarori asosida amalga oshirilgan yirik loyiha doirasida bajarildi. Muborak tumani markaziy suv inshootining rekonstruksiyasi uchun 2,657 million AQSH dollari yo‘naltirildi.
Qurilish va rekonstruksiya ishlari natijasida ob’ektda har biri ming kub metr sig‘imga ega bo‘lgan 3 ta rezervuar to‘liq rekonstruksiya qilindi. Nasos stansiyasi ta’mirlanib, zamonaviy energiya tejamkor nasoslar o‘rnatildi. Xususan, quvvati 132 kilovatt bo‘lgan nasoslar suv ta’minoti jarayonining samaradorligini oshirish imkonini bermoqda.
Shuningdek, ob’ekt hududida xlorlash va ma’muriy binolar barpo etildi, kirish qismi qurildi, inshoot hududi to‘liq devor bilan o‘raldi. Suv ta’minoti jarayonlarini zamonaviy boshqarish maqsadida avtomatlashtirilgan SCADA tizimi ham joriy etildi. Bu suv oqimi va inshootlar faoliyatini masofadan turib nazorat qilish, nosozliklarni tezkor aniqlash va bartaraf etish imkonini beradi.
[gallery-31565]
Yangilangan inshootning yana bir muhim jihati uning quvvati. Endilikda Muborak tumani markazi aholisiga sutkasiga 11 ming 300 kub metrgacha ichimlik suvi yetkazib berish imkoniyati yaratildi.
Bu esa avval aholiga sutkasiga bir necha soat davomida yetkazib berilgan ichimlik suvi ta’minotini barqarorlashtirib, uni 24 soatlik rejimga o‘tkazish uchun muhim zamin yaratadi. Tizimning modernizatsiya qilinishi bilan abonentlar sonini ham qariyb ikki baravarga oshirib, 12 mingdan ortiq xonadonni qamrab olish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Tadbir davomida soha mas’ullari yangi inshootning imkoniyatlari, suv saqlash quvvatining oshirilishi va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimining afzalliklari haqida ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, bu yerda amalga oshirilgan ishlar nafaqat yangi uskunalar o‘rnatish, balki Muborak tumanida ichimlik suvi ta’minoti tizimini tubdan yangilashga qaratilgan.
Muborakda foydalanishga topshirilgan ushbu inshoot aholi uchun oddiy infratuzilma ob’ekti emas, balki kundalik hayot sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan muhim tizimdir. Suv ta’minotining barqarorligi xonadonlardagi turmush sharoitidan tortib, sanitariya va jamoat salomatligigacha bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlarga daxldor. Shu ma’noda, yangi inshootning ishga tushirilishi Muborak tumani markazi aholisi uchun yanada qulay va barqaror turmush sharoitini ta’minlash yo‘lidagi amaliy natijalardan biridir.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari