Xorazmda maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi
Xorazm viloyatida kuz-qish mavsumida energetika sohasi ob’ektlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishga tayyorgarlik darajasini oshirishga qaratilgan maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
Maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlariga Respublika favqulodda vaziyatlar vazirining o‘rinbosari polkovnik Nuriddin Qodirov hamda viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov boshchilik qildi.

Tadbirlar davomida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, shuningdek, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi hamda yong‘in xavfsizligi sohasidagi amaliy tayyorgarlik holati o‘rganilib, mas’ul xodimlarga uslubiy yordam ko‘rsatildi.

– Xavfsizlikni ta’minlash barchamizning umumiy mas’uliyatimizdir, – dedi favqulodda vaziyatlar vazirining o‘rinbosari Nuriddin Qodirov. – Kuz-qish mavsumida fuqarolardan elektr va gaz jihozlaridan foydalanishda belgilangan xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish, yong‘in xavfini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan holatlarga yo‘l qo‘ymaslik va ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish so‘raladi.

Yig‘ilishdan so‘ng favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda tezkor va samarali harakat qilish ko‘nikmalarini oshirish maqsadida bir qator ob’ektlarda maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari ham tashkil etildi.

Mashg‘ulotlar davomida shartli ravishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda tegishli xizmatlarning tezkor va hamkorlikdagi harakatlari amaliy tarzda sinovdan o‘tkazildi.

Mazkur o‘quv mashqlari tezkor xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni oshirishga xizmat qildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri