Reabilitatsiya: inson imkoniyatini tiklashga xizmat qilayotgan zamonaviy markaz
Inson salomatligida shunday holatlar borki, uning uchun oddiy harakat – yurish, qo‘l-oyoqni erkin boshqarish, mustaqil hayot kechirish katta maqsadga aylanadi. Bunday vaziyatda tibbiy muolaja bilan birga, insonni jamiyatdagi faol hayotga qaytarishga qaratilgan kompleks reabilitatsiya muhim ahamiyat kasb etadi. Qashqadaryo viloyati nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazida bu borada zamonaviy imkoniyatlar yaratilgan. Markaz 60 turga yaqin 180 ta zamonaviy tibbiy uskuna bilan jihozlangan bo‘lib, bu yerda reabilitatsiya xizmatlarining kompleks tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, Alter-G, limfadrenaj, membranali gidromassaj, TMS, EEG, rentgen, EKG, osma relslar, ultratovush diagnostikasi hamda barcha turdagi laboratoriya tekshiruvlarini o‘tkazish imkoniyati mavjud. Shuningdek, Bobat usulida davolash, manual terapiya, kinezioterapiya, sensor relaksatsiya, logoped va psixologik xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Basseynda gidroterapiya – suv reabilitatsiyasi xizmatlari ham yo‘lga qo‘yilgan.

Yangi yondashuvning ahamiyati shundaki, avvalgi tizimda fuqarolar asosan konservativ muolajalar bilan cheklangan bo‘lsa, bugun ularning ehtiyojiga qarab bir nechta yo‘nalishni qamrab olgan kompleks reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyati mavjud. Bu nafaqat davolash samaradorligini oshirish, balki insonning mustaqil harakatlanishi, kundalik hayotga moslashishi va jamiyatdagi faolligini tiklashga qaratilgan.

Markazda insult, bosh va orqa miya jarohatlari asoratlari, suyak-mushak tizimi kasalliklari, koksartroz, umurtqa pog‘onasi kasalliklari, osteoxondroz, disk churrasi, bolalar bosh miya falaji kabi xastaliklarga chalingan bemorlarga xizmat ko‘rsatilmoqda.
Bu imkoniyatlarning inson hayotidagi ahamiyatini Abbos Saidmurodov misolida ham ko‘rish mumkin. I guruh nogironligi bo‘lgan Abbos baxtsiz hodisa oqibatida yurish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan edi. Yangi markazda olib borilgan reabilitatsiya jarayonidan so‘ng u avval nogironlik aravachasida harakatlangan bo‘lsa, endi qo‘ltiqtayoq yordamida mustaqil yura boshladi.

Uning hayotidagi bu o‘zgarish shunchaki tibbiy natija emas. Bu insonning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchi qaytayotgani, kundalik hayotga yanada faol qaytish imkoniyati paydo bo‘layotganining ifodasidir.

Markazda ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lami ham talab va ehtiyoj yuqori ekanini ko‘rsatadi. Joriy yilning birinchi yarmida muassasaga elektron yo‘llanma asosida 1 ming 406 nafar shaxs qabul qilinib, davolandi. Ularning 672 nafarida sog‘liqni qisman tiklashga erishilgan. Shu davrda 239 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsga ambulator xizmat ko‘rsatildi.

Reabilitatsiyaning asosiy maqsadi insonni faqat kasallikdan xalos etish emas, balki uning imkoniyatlarini tiklash, mustaqil hayotga qaytarish va jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishdan iborat. Qashqadaryoda tashkil etilgan zamonaviy markazda yo‘lga qo‘yilgan kompleks yondashuv ana shu maqsadga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri