MIB: qarzdor o‘z majburiyatini bajardi
Joriy yilning 13-mart kuni Prezidentimiz raisligida xalq murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilishga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ishsiz aliment to‘lovchi shaxslarni ish va doimiy daromad bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilib, bu borada mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasining Namangan tumani bo‘limi tomonidan voyaga yetmaganlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar doirasida mazkur vazifalar ijrosiga kirishildi.
Yaqindagina, qarzdor Q.Q. farzandini moddiy ta’minlash majburiyatini uzoq vaqt davomida bajarmasdan kelgani sababli, davlat ijrochisi tomonidan tegishli hujjatlar sudga taqdim etildi. Sud jarayoni davomida qarzdor o‘z majburiyatini anglab yetgani holda, 35 million so‘m pulni to‘liq to‘lab berdi.
Mazkur holat nafaqat qonun ustuvorligining ta’minlanganini, balki farzandlar manfaati har doim ustuvor ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.