Mehr-saxovat, shukronalik va bag‘rikenglik keng quloch yozmoqda
Muborak Qurbon hayiti Surxondaryo viloyatida xalqimizga xos mehr-oqibat, insonparvarlik, shukronalik, bag‘rikenglik kabi ezgu fazilatlarni keng mujassam etib, ehtiyojmand oilalar, og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan bolalar qalbiga bir olam quvonch ulashmoqda.
Prezidentimizning “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Ayni paytda viloyat onkologiya dispanserida davolanayotgan 15 yoshdagi M. Shodiqulova osteosarkoma — suyak saratoni kasalidan aziyat chekayotgan edi. Unda jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun moddiy imkoniyat yetmagani sababli bu ish bir necha oydan buyon ortga surildi. Ulug‘ ayyom arafasida unda bepul jarrohlik amaliyotini o‘tkazish belgilandi. Bunday e’tibor qizaloqning yaqinlariga bir olam sevinch ulashdi. Munisaning baxtli hayotga ishonchi oshdi. Termiz shahridagi Jayxun mahallasida istiqomat qilayotgan N.Ismatillayeva yurak porogiga chalingan. Uning operatsiyasi ham turli sabablar bilan kechikib kelayotgan edi. Jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun unga vaucher berildi. M. Xaqnazarova bolalikda kuchli shamollab, nafas yo‘llari yallig‘langan. Vaqt o‘tishi bilan burnida murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazish zarurati paydo bo‘lgan. Ko‘p yillardan buyon unga aziyat berib kelayotgan bu kasallik davlatimiz g‘amxo‘rligi bilan chekinadigan bo‘ldi.
[gallery-29649]
Milliy qadriyatlarimiz qayta bo‘y ko‘rsatib, inson qadri ulug‘lanayotgan yurtimizda ulug‘ Qurbon hayiti faqat diniy ayyom emas balki mehr-oqibat, yangi orzu-umidlar va millatimizga xos xayru saxovat, savobli amallar bayrami sifatida ham keng namoyon bo‘lmoqda.
Viloyatning Bandixon tumanida ham bunday ezgu ishlar keng quloch yozib, og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 11 nafar bolajonga bepul davolanib, jarrohlik amaliyotini o‘tkazishi uchun vaucherlar topshirildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan va yolg‘iz yashovchi 456 oilaga 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Qutlug‘ ayyom arafasida Angor tumanida“Ijtimoiy reyestr”ning “davlat ta’minotidagi oila” toifasiga kiritilgan xonadonlar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar qo‘llab-quvvatlanib, ularning bayramni munosib o‘tkazishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda tuman hokimligiga ana shu toifadagi 700 oila vakillari taklif etilib, oziq-ovqat mahsuloti jamlanmalari tarqatildi.
Xayriya tadbirida tuman hokimi Qosim Mardonov ularni muborak Qurbon hayiti bilan samimiy tabriklab, sihat-salomatlik, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik tiladi.
Viloyatda mehr-oqibat va insonparvarlikka yo‘g‘rilgan saxovat tadbirlari davom etayotir. Shuningdek, muqaddas qadamjolar, masjidlar va qabristonlar obodonlashtirilib, ajdodlar xotirasiga hurmat-ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
Jonibek Qo‘zimurodov (surat),O‘zA muxbiri