Qaror va ijro: energetika sohasida muvofiqlik nazoratini kuchaytirish choralari ko‘rilmoqda
Energetika vazirligida sohani xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, boshqaruv tizimlarini takomillashtirish hamda nazorat mexanizmlari samaradorligini oshirishga qaratilgan navbatdagi amaliy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda tizim tashkilotlari va yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida faoliyat yurituvchi aksiyadorlik jamiyatlarining mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida ISO 37001:2025 standartining yangilangan versiyasi muhokama qilindi. Xususan, hujjatga kiritilgan asosiy o‘zgarishlar, uni amaliyotga tatbiq etish mexanizmlari, sertifikatlashtirish jarayonlariga tayyorgarlik hamda tashkilotlarda muvofiqlik risklarini samarali boshqarish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, ishtirokchilar ochiqlik va samaradorlikni oshirish, ichki nazorat tizimlarini yanada rivojlantirish hamda mavjud tajribalarni o‘zaro almashish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Ta’kidlanganidek, bunday amaliy muloqotlar sohada samarali boshqaruvni ta’minlash, zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish va tizimli islohotlarni izchil davom ettirishga xizmat qiladi.
Mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-aprelda qabul qilingan qarorining ijrosi doirasida tashkil etildi.
Unda xalqaro standartlarni amaliyotga samarali joriy etish, ochiqlik va hisobdorlik tamoyillarini yanada mustahkamlash hamda hamkorlikni izchil davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida bu kabi muloqotlar zamonaviy boshqaruv usullarini keng joriy etish va profilaktik mexanizmlarni mustahkamlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA