Bayram kunlari yurtimiz bo‘ylab sayohat qilish yanada arzonlashdi
Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan yurtimiz aholisi uchun nafaqat bayramona kayfiyat, balki mazmunli hordiq chiqarish imkoniyatlari ham yaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq, fuqarolar ketma-ket 5 kun dam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shu munosabat bilan Turizm qo‘mitasi tomonidan 2026-yilning 27–31-may kunlari respublika bo‘ylab ichki turizmni rag‘batlantirishga qaratilgan maxsus chegirmalar joriy etildi. Ushbu tashabbus aholining dam olish vaqtlarini mazmunli tashkil etish, yurtdoshlarimizni mamlakatimizdagi tarixiy va ziyorat maskanlariga kengroq jalb qilishga xizmat qiladi.
Ma’lum qilinishicha, respublika hududlarida faoliyat yuritayotgan mehmonxona va joylashtirish vositalari tomonidan xizmatlar uchun 20 foizgacha ixtiyoriy chegirmalar taqdim etilmoqda. Bu esa oilalarga bayram kunlarida sayohat qilishni yanada qulay va manfaatli qiladi.
Shuningdek, Madaniy meros agentligi tizimidagi davlat muzeylari hamda madaniy meros ob’ektlariga kirish chiptalari uchun 10 foizgacha chegirmalar e’lon qilindi. Bu esa yurtdoshlarimizga tarixiy obidalar va milliy merosimiz bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Ayniqsa, ziyorat turizmi yo‘nalishida ham aholi uchun yengilliklar yaratilmoqda. Qurbon hayiti kunlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksa fuqarolar va yosh bolalar uchun bir qator pullik ziyoratgohlarga kirish bepul etib belgilangani e’tiborga molik.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA