Markaziy Osiyo va Ozarbayjon: hamkorlikning yangi bosqichi
"Avaza" uchrashuvi mintaqaviy hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish uchun yangi imkoniyatlar ochadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan 7-9-oktabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Mamlakatimiz yetakchisi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining navbatdagi sammitida ishtirok etadi.
Mazkur amaliy tashrifning ahamiyati xususida Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Jahongir Isayev O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

— Bugun Markaziy Osiyoda kechayotgan jarayonlar mintaqa doirasidan kengayib, Kaspiy dengizi orqali Janubiy Kavkaz va Yevropa bilan bog‘liq yangi iqtisodiy hamda transport makonini shakllantirmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 7-9-oktabr kunlari Turkmanistonga amaliy tashrifi, shuningdek, “Avaza” milliy turizm zonasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi o‘tkazilishi muhim siyosiy voqeadir.
Kun tartibiga siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, transport va energetika sohalaridagi sheriklikni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish, shuningdek, gumanitar aloqalarni kuchaytirish masalalari kiritilgan. Bu yo‘nalishlarning har biri bugun mintaqa mamlakatlari uchun umumiy manfaat kasb etmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam Maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi.
O‘tgan davrda ushbu format mintaqada o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va konstruktiv muloqot muhitini shakllantirishda muhim o‘rin tutdi. Eng muhimi, Maslahat uchrashuvlari yildan-yilga faqat siyosiy muloqot maydoni bo‘lib qolmay, savdo, transport, energetika, suv resurslari, ekologiya, madaniyat va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlikni muvofiqlashtirish mexanizmiga aylanib bormoqda.
2025-yilda Toshkentda o‘tkazilgan navbatdagi Maslahat uchrashuvida Ozarbayjonning formatga to‘la huquqli ishtirokchi sifatida qo‘shilishi haqidagi qaror mazkur jarayonda yangi bosqichni boshlab berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu qarorni Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi strategik bog‘liqlik va barqarorlikni kuchaytirish nuqtai nazaridan tarixiy ahamiyatga ega qadam sifatida baholagan edi.
Shu ma’noda, Avvazadagi uchrashuv kengaygan format doirasidagi hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish imkonini beradi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining jahon bozorlariga chiqish yo‘llarini diversifikatsiya qilish masalasi mintaqaning uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanishida alohida ahamiyatga ega. Bu borada Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjon va Janubiy Kavkazga chiqish imkoniyatlaridan samarali foydalanish mintaqa davlatlari uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Gap faqat yangi transport yo‘laklarini ochish haqida emas. Mavjud marshrutlarning raqobatbardoshligini oshirish, bojxona jarayonlarini soddalashtirish va raqamlashtirish, logistika markazlarini rivojlantirish, o‘zaro muvofiq tarif siyosatini shakllantirish ham muhim.
Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik mintaqa davlatlarining tranzit salohiyatini oshirish bilan bir qatorda, ishlab chiqarish kooperatsiyasi va o‘zaro investitsiyalarni kengaytirish uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev avvalgi Maslahat uchrashuvlarida ham Kaspiy dengizi portlari va transchegaraviy logistika markazlari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarurligini ta’kidlab kelgan.
Mintaqaviy hamkorlikning yana bir istiqbolli yo‘nalishi – energetika. Markaziy Osiyo mamlakatlari ulkan energetik resurslarga, shu jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha katta salohiyatga ega. Kaspiy mintaqasi orqali shakllanayotgan yangi transport va energetika bog‘liqligi esa bu imkoniyatlarni yanada kengaytiradi. Bunda energetik xavfsizlikni ekologik barqarorlikdan ajratib bo‘lmaydi.
Iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, cho‘llanish va yer degradatsiyasi kabi muammolar biror davlat chegarasi bilan cheklanmaydi. Shu sabab ularga qarshi samarali kurashish muvofiqlashtirilgan mintaqaviy yondashuvlarni talab qiladi. Turkmanistonning ham energetika va suv xavfsizligi, barqaror transport bog‘liqligi hamda mintaqaviy ekotizimni muhofaza qilishga qaratilgan tashabbuslari O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda ilgari surayotgan maqsadlari bilan uyg‘un. Bu esa “Avaza” uchrashuvida “yashil” taraqqiyot masalalarini mintaqaviy hamkorlikning amaliy yo‘nalishlaridan biri sifatida yanada ilgari surish imkonini beradi.
Bugun Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash ham davlatlarning yaqin hamkorligini talab qilmoqda. Zamonaviy xavf-xatarlar – terrorizm va ekstremizmdan tortib, kibertahdidlar, transmilliy jinoyatchilik, ekologik va energetik xavflargacha tobora transchegaraviy tus olmoqda. Shu sabab xavfsizlikka faqat yuzaga kelgan tahdidlarga javob berish nuqtai nazaridan emas, balki ularning oldini olish, xavflarni oldindan baholash va davlatlarning muvofiqlashtirilgan harakatlarini ta’minlash asosida yondashish muhim. Bu borada oxirgi yillarda shakllangan siyosiy ishonch muhiti Markaziy Osiyoning muhim strategik yutuqlaridan biri hisoblanadi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Natijada mintaqa davlatlari o‘rtasida ochiq muloqot, o‘zaro manfaatlarni hisobga olish va bahsli masalalarga yechim izlashning yangi muhiti shakllandi. Maslahat uchrashuvlari mexanizmining aynan O‘zbekiston tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgani ham mamlakatimizning mintaqada hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan siyosatining amaliy ifodasidir.
Endilikda mazkur jarayonning yangi vazifasi – siyosiy ishonchni iqtisodiy natijalarga aylantirish. Transport xarajatlarini kamaytirish, savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, investitsiyalarni rag‘batlantirish, energetika va “yashil” iqtisodiyot sohalarida umumiy loyihalarni amalga oshirish ana shunday vazifalar sirasiga kiradi.
Markaziy Osiyo davlatlari so‘nggi yillarda o‘zaro munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarishga erishdi. Ozarbayjonning bu hamkorlik formatiga to‘la huquqli ishtirokchi sifatida qo‘shilishi Markaziy Osiyoni Kaspiy orqali Janubiy Kavkaz bilan bog‘laydigan yanada keng siyosiy va iqtisodiy makon shakllanishiga sharoit yaratmoqda. Shu ma’noda, “Avaza”dagi sakkizinchi Maslahat uchrashuvidan kutilayotgan asosiy natija yangi tashabbuslarni ilgari surish bilangina cheklanmaydi. Eng muhim masala – erishilgan siyosiy kelishuvlarni aniq loyihalar, o‘zaro savdo hajmining oshishi, transport aloqalarining yaxshilanishi va odamlar hayotida seziladigan amaliy natijalarga aylantirishdir. Shunda Markaziy Osiyoda shakllangan yangi siyosiy muhit butun mintaqaning barqaror taraqqiyoti uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.