O‘zbekiston va Malayziya: O‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik kengaytiriladi
Tanzaniyaning Arusha shahrida bo‘lib o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoqning 153-assambleyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Malayziya Parlamenti Vakillar palatasi Spikeri Johari bin Abdul bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanayotgani qayd etildi. O‘zbekiston Prezidentining 2025-yilda Malayziyaga davlat tashrifi hamda Malayziya Bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarga muhim turtki bergani ta’kidlandi.
Parlamentlararo va mintaqalararo aloqalarni faollashtirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ikki mamlakat vakillari ishtirokida biznes-forumlar muntazam o‘tkazib kelinayotgani, Hukumatlararo komissiya doirasida tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Turizm sohasida ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasida haftasiga 7 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov amalga oshirilmoqda. Joriy yilda O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi malayziyalik sayyohlar soni 20 ming nafarga yetishi kutilayotgani bildirildi. Ularning Samarqand va Imom Buxoriy merosiga qiziqishi ortib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi aloqalarni kengaytirishga ham e’tibor qaratildi. O‘zbekistonda Malayziya madaniyati kunlari, Malayziyada esa O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazib kelinmoqda. Ayni paytda Malayziyaning turli oliy ta’lim muassasalarida O‘zbekistondan ming nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda.

Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasi ikki mamlakat olimlari va tadqiqotchilari o‘rtasidagi ilmiy-akademik aloqalarni rivojlantirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilishi mumkinligi qayd etildi. Shuningdek, texnik yo‘nalishlar, qayta tiklanuvchi energiya va zamonaviy texnologiyalar sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuqori baholandi. Malayziya O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini qo‘llab-quvvatlayotgani hamda BMT doirasidagi tashabbuslarga ko‘rsatayotgan ko‘magi uchun minnatdorlik bildirildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo muloqotni yanada faollashtirish va o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA