Ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash ko‘lami kengaytiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev kuz-qish mavsumida aholini, ayniqsa, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Dunyodagi geosiyosiy keskinlik, energiya resurslari va xomashyo narxlarining o‘sishi, ta’minot va logistika zanjirlaridagi uzilishlar ko‘plab mamlakatlarda inflyatsion bosimni kuchaytirmoqda. Bunday sharoitda aholi xarajatlarini yengillashtirish va muhtoj oilalarga manzilli yordam ko‘rsatish alohida ahamiyat kasb etadi.
Taqdimotda elektr energiyasi, gaz, ko‘mir va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘yicha amaldagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, isitish mavsumida gazlashmagan hamda gaz yetib bormagan hududlarda elektr energiyasi bo‘yicha bazaviy me’yorni 200 kilovatt-soatdan 350 kilovatt-soatga oshirish taklifi ma’qullandi.
Dekabr oyida ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratish masalasini ko‘rib chiqish taklif qilindi.
Shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kirmagan ehtiyojmand oilalarning elektr energiyasi, gaz, ko‘mir va kommunal xizmatlar xarajatlarini qoplashda oilaning har bir a’zosiga qo‘llaniladigan daromad mezonini 1 million 430 ming so‘mgacha oshirish taklifi ko‘rib chiqildi. Natijada qo‘llab-quvvatlash qamrovi yana 166 ming oilaga kengayadi.

Elektr energiyasi va gaz bo‘yicha bazaviy me’yordan ortiq iste’moli xarajatlarining bir qismini qoplash muddatini 2028-yil 1-aprelgacha uzaytirish taklif qilindi. Bu chora bilan bir yilda 470 ming oilani qamrab olish nazarda tutilmoqda. Sharoiti og‘ir mahallalardagi 3 mingta xonadonni issiqlik jihatidan himoyalash va energiya tejovchi uskunalar bilan ta’minlash ishlari ham davom ettiriladi.
Davlatimiz rahbari Hukumatga belgilangan yordam uchun mablag‘larni o‘z vaqtida yo‘naltirish, ehtiyojmand oilalarni aniqlashda manzillilikni ta’minlash va yordam har bir oilaga yetib borishi ustidan nazoratni kuchaytirishni topshirdi.
Shuningdek, energiya resurslarini ishlab chiqaruvchi hamda yetkazib beruvchi korxonalar faoliyatini transformatsiya qilish, boshqaruv samaradorligini oshirish, ortiqcha xarajatlar va tarmoqlardagi yo‘qotishlarni qisqartirish bo‘yicha ham qator ko‘rsatmalar berildi.