Madaniyat muassasalarining texnik imkoniyatlari kengaydi
Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida madaniyat muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 105 million so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘ hisobidan madaniyat markazlari 3 ta zamonaviy ovoz kuchaytirish uskunalari majmuasi hamda 10 turdagi 65 dona sahna va bayram liboslari bilan ta’minlandi.
Shuningdek, tuman Madaniyat bo‘limining faollar zali va xizmat yo‘laklari yangi gilamlar bilan jihozlandi. Bu yangilanishlar madaniyat muassasalarining texnik salohiyatini mustahkamlab, ommaviy tadbirlarni yanada yuksak saviyada tashkil etish imkonini kengaytirdi.

— Ilgari madaniyat sohasida ayrim muammolar mavjud edi. Bu, ayniqsa, tuman miqyosida o‘tkaziladigan ommaviy madaniy-ma’rifiy tadbirlarda yaqqol sezilardi. Tuman hokimining tashabbusi bilan madaniyat bo‘limi uchun zarur zamonaviy ovoz kuchaytirish uskunalari va sahna liboslari xarid qilinishi texnik imkoniyatlarimizni sezilarli darajada kengaytirdi. Endi konsert dasturlari, teatrlashtirilgan tomoshalar, festivallar va boshqa ommaviy tadbirlarni zamonaviy talablar asosida, yuqori badiiy saviyada tashkil etish imkoniga egamiz. Eng muhimi, yangi sahna liboslari bayram tadbirlariga o‘ziga xos ko‘rk va nafosat bag‘ishlaydi, — deydi Sardoba tumani Madaniyat bo‘limi boshlig‘i Mashhura Bobojonova.


Mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini qo‘llab-quvvatlash, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan ishlar hududlarda ham izchil davom etmoqda. Sardobada amalga oshirilgan mazkur yangilanishlar ijodiy jamoalarning imkoniyatlarini kengaytirib, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish, aholiga ko‘rsatilayotgan madaniy xizmatlar sifati va samaradorligini yanada oshirish uchun mustahkam zamin yaratdi.


— Oldimizda eng ulug‘ va eng qutlug‘ bayram — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy tadbirlar turibdi. Shu bois tuman madaniyat bo‘limiga taqdim etilgan zamonaviy ovoz kuchaytirish uskunalari va yangi sahna liboslari biz uchun ayni muddao bo‘ldi. Bu e’tibor barchamizni yanada ruhlantirdi. Endi bayram tadbirlarini yuksak saviyada, xalqimizga munosib tarzda o‘tkazish uchun bor kuch va mahoratimizni safarbar etamiz, — deydi Mashhura Bobojonova.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri