Amerikada ilk bor “O‘zbek mahallasi” tashkil etildi
AQSHning Sietl shahrida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz hayotida muhim voqea yuz berdi. Ilk bor o‘zbeklar birlashib, “O‘zbek mahallasi” jamoat birlashmasini tashkil etdi.
Ushbu tashabbus yurtdoshlar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va ularni kelajak avlodga yetkazishga xizmat qiladi. Jamoa Vashington shtati tomonidan rasman ro‘yxatdan o‘tkazildi. Shtat Davlat kotibi Stiv Xobbs tomonidan hududdagi ilk o‘zbek jamoasi sifatida qayd etilgani mazkur tashabbusning tarixiy ahamiyatini yanada oshirdi.
Bugungi kunda Vashington shtatida 3 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarolari va kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan vatandoshlar istiqomat qiladi. Ularning aksariyati Sietl hamda uning atrofidagi yirik texnologik va sanoat kompaniyalarida faoliyat yuritmoqda. Xususan, Microsoft, Amazon, Google, Boeing, Oracle, NVIDIA kabi dunyoga mashhur kompaniyalarda ishlayotgan yurtdoshlarimiz dasturiy ta’minot, sun’iy intellekt, muhandislik, aviatsiya, ta’lim, tibbiyot va tadbirkorlik yo‘nalishlarida munosib o‘rin egallagan.
“O‘zbek mahallasi”ga asli xorazmlik Muso Xolmurodov rais etib saylandi. Sietlda Marks nomi bilan tanilgan u Vashington shtati hukumat tizimida 15 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lib, ayni paytda shtat Tuzatish ishlari departamentida rahbarlik lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Mahalla o‘zbek xalqi uchun nafaqat jamoat birlashmasi, balki mehr-oqibat, o‘zaro yordam, milliy o‘zlik va birdamlik timsolidir. Sietldagi yangi jamoa ham ana shu qadriyatlarni davom ettirib, vatandoshlarni birlashtirish, yosh avlod qalbida ona tili, tarix va madaniyatga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashni maqsad qilgan.
Jamoa milliy bayram va madaniy tadbirlarni tashkil etish, yangi kelgan yurtdoshlarning moslashuviga ko‘maklashish, yoshlar va mutaxassislar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, xayriya hamda ta’lim loyihalarini qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda.
Kelgusida “O‘zbek mahallasi” Sietldagi o‘zbekistonliklarning ishonchli tayanchi va yagona jamoaviy platformasiga aylanishi kutilmoqda.
Mazkur tashabbus Sietldagi o‘zbeklarning milliy o‘zligini saqlagan holda AQSH jamiyatining faol qismiga aylanib borayotganini yaqqol namoyon etadi. Endilikda Sietlda yana bir o‘zbekona maskan — ahillik va hamjihatlik timsoli bo‘lgan “O‘zbek mahallasi” faoliyat boshladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 12-noyabrda qabul qilingan Prezident farmoniga muvofiq AQSH hududida qo‘shimcha konsulliklarni ochish vazifasi belgilangan edi. 2026-yil mart oyida Axror Burxanov O‘zbekistonning Sietldagi ilk Bosh konsuli etib tayinlandi.
Vashington shtati AQSHning iqtisodiy va innovatsion jihatdan eng rivojlangan hududlaridan biri hisoblanadi. Uning 2025-yildagi yalpi ichki mahsuloti qariyb 900 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. Shtat yuqori texnologiyalar, aviatsiya-kosmik sanoati, sun’iy intellekt, biotexnologiya, yashil energetika, xalqaro savdo va logistika yo‘nalishlaridagi salohiyati bilan ajralib turadi. Sietl esa Microsoft, Amazon, Boeing, Google, Oracle va NVIDIA kabi yirik kompaniyalar joylashgan AQSHning yetakchi texnologik markazlaridan biri sanaladi.
Nozimbek Mardonov,
O‘zA