Islom tamaddunining tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li
Joriy yilning 7-11-iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida “I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” xalqaro forumi tashkil etilmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida mazkur yirik nufuzli forumga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
“I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” Xalqaro forumi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Islom olami ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – ICESCO hamkorligida tashkil etilmoqda. Unda 50 dan ortiq mamlakatdan davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, yetuk ulamolar, akademiklar, tadqiqotchilar, muzey va kutubxona rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashadi.

“I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm–ma’rifat yo‘li”ning asosiy maqsadi islom sivilizatsiyasining haqiqiy mohiyatini ochib berish, uning ilm-fan, madaniyat va ma’naviy taraqqiyotga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etish, tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini keng targ‘ib qilishdan iborat.
Forum, shuningdek, O‘zbekistonning boy tarixiy va ilmiy merosini xalqaro ilmiy jamoatchilikka tanitish, Islom sivilizatsiyasi markazini global ilmiy-ma’rifiy platforma sifatida namoyon etish hamda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini keng yoritishga xizmat qiladi.

Mazkur tadbir davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yilda BMTning Nyu-York va Jeneva shaharlaridagi qarorgohlarida, shuningdek, YUNESKOning Parijdagi ofisida islom sivilizatsiyasi va ajdodlarimiz merosiga bag‘ishlab o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan maxsus taqdimotlar uchun muhim tayyorgarlik bosqichi ham hisoblanadi.

Anjuman doirasida 11 ta yalpi majlis tashkil etilib, ularda Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma sifatidagi o‘rni, yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, Uchinchi Renessans g‘oyalari va uning ma’naviy asoslari, turkiy xalqlarning islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, hadis, fiqh, kalom va ilohiyot sohalaridagi ilmiy meros, qo‘lyozmalarni saqlash, o‘rganish va raqamlashtirish masalalari, islom san’ati va madaniy meros tadqiqotlarining istiqbollari, ta’lim va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi ahamiyati kabi masalalar muhokama qilinadi.
Forumning asosiy ish kunidan ko‘plab media voqealar va taqdimotlar ham o‘rin olgan. Forumning yakuniy yalpi majlisida islom sivilizatsiyasi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga oid yangi tashabbuslar muhokama qilinib, kelgusi hamkorlik yo‘nalishlari belgilanadi.

Ushbu nufuzli tadbir doirasida buyuk allomalar merosiga bag‘ishlangan to‘rtta xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi. Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida “Imom al-Buxoriyning «Al-Jomi’ as-Sahih» asari – Ummat kitobi” mavzusidagi konferensiya tashkil etiladi. Unda Imom Buxoriyning ilmiy merosi, hadislarni saralash mezonlari, “Sahih al-Buxoriy” asarining jahon ilm-fanidagi o‘rni va ahamiyati muhokama qilinadi.
“Imom Moturidiy merosi – islom sivilizatsiyasining mo‘’tadillik va aql-idrok poydevori” mavzusidagi konferensiyada Imom Moturidiy ta’limoti, moturidiylik maktabi ulamolarining ilmiy merosi hamda mazkur ta’limotning bugungi kundagi ahamiyati haqida fikr almashiladi.

Termiz shahrida bo‘lib o‘tadigan “Termiz hadis maktabi: allomalar merosi va zamonaviy tadqiqotlar” mavzusidagi konferensiyada Imom Termiziy va Termiz hadisshunoslik maktabining ilmiy ahamiyati, termizlik ulamolar merosi hamda zamonaviy tadqiqotlar natijalari taqdim etiladi.

Ishtirokchilar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasi, Imom Buxoriy innovatsion muzeyi bilan tanishadi, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Hakim Termiziy, Sulton Saodat va Mahdumi A’zam ziyoratgohlariga tashrif buyuradi.
Tadbirlar doirasida noyob qo‘lyozmalar va tarixiy artefaktlar ko‘rgazmalari, ilmiy taqdimotlar, madaniy dasturlar va rasmiy uchrashuvlar o‘tkaziladi.
Forum yakunida Islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish va targ‘ib qilish sohasida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish kabi qo‘shma loyihalar bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari suriladi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri