Kripto-aktivlar bilan bog‘liq noqonuniy faoliyatga chek qo‘yildi
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari davomida Karmana tumanida kripto-aktivlar aylanmasi bilan bog‘liq qonunbuzarlik holati fosh etildi.
Aniqlanishicha, 2005-yilda Karmana tumanida tug‘ilgan shaxs “Binance” kripto-birjasi orqali kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda sotib olish, o‘tkazish va ayirboshlash faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan.
Navoiy viloyati IIB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ushbu shaxs 2024-yildan buyon qariyb 50 ming AQSH dollari miqdoridagi kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirgani aniqlandi.
Tezkor tadbirlar jarayonida gumonlanuvchining mobil aloqa vositasi daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278⁸-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA