Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
Shumanay tumani “Dehqonobod” ovul fuqarolar yig‘ini hududida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari doirasida aholini is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish hamda mahalla hududlarini obodonlashtirish masalalari bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borildi.
Shuningdek, hududdagi mavjud vaziyat o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish bo‘yicha tegishli tashkilot va mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi va ularning ijrosi nazoratga olindi. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari tumanning barcha mahallalarida davom etmoqda.
***
Orol dengizining tarixi, bugungi hayoti va kelajagi haqida hujjatli film yaratish maqsadida Avstriya ijodkorlaridan iborat delegatsiya Mo‘ynoq tumaniga tashrif buyurdi.

Tuman hokimi Baxtiyar Menglibekov bilan uchrashuvda tumanning turizm salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan qator tashabbuslar muhokama qilindi. Xususan, ko‘p qavatli turar joylar devorlariga tuman brendini aks ettiruvchi zamonaviy rasmlar yaratish hamda Ochiq osmon ostidagi kemalar muzeyini maxsus binokl orqali tomosha qilish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Ushbu loyihalar Mo‘ynoqning betakror qiyofasini dunyo hamjamiyatiga yanada kengroq tanitishga xizmat qiladi.
***
To‘rtko‘l tumanidagi 17-sonli umumta’lim maktabida xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda milliy qadriyatlarni targ‘ib etish maqsadida “Davraga kel, dugonajon” mavzusida tadbir tashkil etildi.

Tadbirda mahalla faollari, nuroniy onaxonlar, maktab pedagoglari, faol o‘quvchi-qizlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida “Qizlar ta’limi va kasb-hunar: xotin-qizlarning zamonaviy bilim va hunarlarni egallashi”, “Odob-axloq va milliy qadriyatlar: sharqona tarbiya, oilaviy hayotga tayyorgarlik va kiyinish madaniyati”, “Sog‘lom turmush tarzi: qizlar salomatligini asrash va jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirish” mavzularida o‘zaro fikr almashildi.
Shuningdek, tadbirda iqtidorli o‘quvchi-qizlar tomonidan ijro etilgan milliy qo‘shiqlar, raqslar va sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarga yuqori kayfiyat ulashdi.
***
“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” hamda Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yurtdoshlarimiz o‘rtasida “Bir Vatan, bir xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” g‘oyasi keng targ‘ib qilinmoqda.

Shu munosabat bilan Taxiatosh tumanida ham eng ulug‘, eng aziz bayramni ko‘tarinki ruhda kutib olish maqsadida “Mahallada obodlik va mehr-oqibat oyligi” davom etmoqda.
Oylik doirasida tumandagi barcha ko‘chalar, mahallalar, ijtimoiy soha ob’ektlari, qabristonlar, ariq va ichki yo‘llar tartibga keltiriladi. Shuningdek, hududlarda daraxt va gul ko‘chatlari ekilib, yashil maydonlar yanada kengaytiriladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.