Bo‘lg‘usi talabalarga atroflicha ma’lumotlar berilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 2-dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrifi davomida Jizzax politexnika institutida bo‘lib, muhandislik ta’limini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish, ishlab chiqarish bilan integratsiyani kuchaytirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mehnat bozori talablariga javob beradigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash yuzasidan belgilab bergan vazifalari bugun amalda o‘zining aniq natijalarini bermoqda.
Davlatimiz rahbari ta’lim, ilm-fan va sanoat uyg‘unligini ta’minlash orqali raqobatbardosh muhandislar avlodini voyaga yetkazish eng ustuvor maqsadlardan biri ekanini alohida ta’kidlagan edi.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida institut jamoasi yangi o‘quv yili oldidan abituriyentlar va ularning ota-onalari bilan keng qamrovli targ‘ibot-tashviqot ishlarini izchil tashkil etmoqda. Bu muloqotlar oddiy qabul kampaniyasi emas, balki yoshlarga o‘z iqtidori va qiziqishiga mos kasbni ongli tanlashda amaliy yo‘l-yo‘riq berishga qaratilgan ochiq muloqot maydoniga aylanmoqda.

Uchrashuvlar davomida bo‘lajak talabalarga institutda shakllangan zamonaviy ta’lim muhiti, o‘quv jarayonini raqamlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar, yuqori malakali professor-o‘qituvchilar faoliyati, talabalar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar hamda sifatli bilim olishga xizmat qilayotgan sharoitlar haqida atroflicha ma’lumotlar yetkazilmoqda.

Ayniqsa, yangi o‘quv yilidan ta’lim yo‘nalishlari sonining kengaytirilgani, zamonaviy o‘quv binolari, axborot-resurs markazlari va innovatsion laboratoriyalar faoliyati abituriyentlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu imkoniyatlar nazariy bilimni amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash, talabalarning innovatsion fikrlashini rivojlantirish va zamonaviy ishlab chiqarish talablariga mos mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilmoqda.

Prezident tashrifi chog‘ida institutda tashkil etilgan Avtomobil muhandisligi maktabi faoliyati bilan tanishib, ta’limni ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lash, dual ta’limni yanada rivojlantirish, xalqaro standartlar asosida muhandislar tayyorlash, shuningdek, yadro energetikasi sohasida muhandislik maktabini tashkil etish hamda xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar bergan edi. Bugun mazkur vazifalar ijrosi doirasida xorijiy hamkorlar bilan aloqalar kengayib, yangi ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy ishlar izchil davom etmoqda.

Eng muhimi, targ‘ibot tadbirlari yoshlar va ularning ota-onalariga institutda yaratilgan imkoniyatlarni bevosita ko‘rish, ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishish hamda kelajak kasbini puxta o‘ylangan qaror asosida tanlash imkonini bermoqda. Bu esa Prezident tomonidan belgilangan — zamonaviy bilimga ega, raqobatbardosh va tashabbuskor kadrlar tayyorlashdek strategik vazifalarning hayotga izchil tatbiq etilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri