Ko‘p qavatli uylardagi sharoit va xizmatlar sifati deputatlar nazoratida
“Adolat” SDP Navoiy viloyati Kengashi tashabbusi bilan xalq deputatlari Karmana tumani Kengashi tomonidan tuzilgan ishchi guruh “Malikrabot Sifat BK Servis” MCHJ faoliyati hamda aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal va boshqaruv xizmatlari sifatini deputatlik nazorati tartibida o‘rgandi.
Bugungi kunda “Sardoba” MFY hududida boshqaruv kompaniyasi tasarrufida 93 ta ko‘p qavatli uy va 1058 ta xonadon mavjud. Kompaniyada jami 11 nafar xodim faoliyat yuritmoqda.
O‘rganishlar davomida aholi bilan boshqaruv kompaniyasi o‘rtasida shartnomalar qisman rasmiylashtirilganligi ma’lum bo‘ldi. Qarzdorlik sababli xonadonlarni elektr, gaz yoki ichimlik suvi tarmoqlaridan uzish holatlariga yo‘l qo‘yilmasligi, kechiktirilgan to‘lovlar uchun fuqarolarga jarima qo‘llanilmasligi qayd etildi. Shu bilan birga, har bir ko‘p xonadonli uy uchun alohida bank hisob raqami yuritilmasligi, mablag‘lar BSKning umumiy hisob raqamiga tushishi aniqlandi. Bu masala aholi mablag‘larining shaffofligi va ularning maqsadli sarflanishi nuqtai nazaridan alohida e’tibor talab qiladi.

Kompaniya tomonidan 24/7 rejimida dispetcherlik va avariya xizmati tashkil etilgan. Ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklari va atrofi tozaligi hamda yoritilishiga e’tibor qaratilgan.
Hududda 14 ta bolalar o‘yingohi mavjud bo‘lib, shundan 5 tasi yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan. Chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish yo‘lga qo‘yilgan, ko‘cha chiroqlari ham soz holatda.
– Biroq muammoli masalalar ham mavjud, – deydi partiya viloyat Kengashi raisi Mansurjon Hamidov. – Ayniqsa, aksariyat ko‘p qavatli uylarning fasadlari holati talab darajasida emas. “Sardoba” MFY, Bahor ko‘chasidagi 6 va 18-uylarning tom qismlarini to‘liq ta’mirlash zarur. Buning uchun har bir uyga 35 million so‘mdan mablag‘ talab etiladi. Shuningdek, Buxoro ko‘chasi, 13-uy atrofida suv ta’minoti bilan bog‘liq muammo ham mavjud. Oqova suv tizimi mavjud emasligi oqibatida ekilgan ko‘plab mevali va manzarali daraxtlar qurib qolgan. Aholi murojaatiga ko‘ra, mazkur hududdagi ichimlik suvining sifati ham talabga javob bermaydi, suvdan noxush hid kelishi aytilmoqda.

Ayni paytda “Adolat” SDP vakillari deputatlik nazorati doirasida aniqlangan muammolarni mas’ul tashkilotlar ishtirokida hal etish, aholi uchun munosib yashash sharoitlarini ta’minlash hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va shaffofligini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri