O‘zbekiston va Turkiya: sud-huquq sohasida o‘zaro manfaatlarga asoslangan hamkorlik kengaytiriladi
Oliy sud raisining o‘rinbosari Sh. Polvonov mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkiya Respublikasi Adliya vazirining o‘rinbosari B. Jeyhan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ikki tomonlama o‘zaro hamkorlik aloqalari tez suratlarda kengayib borayotgani alohida ta’kidlanib, mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, gumanitar va turizm sohalarida hamkorlik jadal rivojlanayotgani e’tirof etildi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida ko‘p asrlik do‘stlik va strategik sheriklik rishtalarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash dolzarb masala bo‘lib, ular sirasida sud hokimiyati organlarining o‘zaro hamkorligini takomillashtirish alohida o‘rin tutishi qayd etildi.

Mehmonlarga sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish hamda Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar xususida batafsil ma’lumot berildi.

Uchrashuvda mediatsiya va arbitraj masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar sud-huquq sohasida konstruktiv va o‘zaro manfaatlarga asoslangan hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekanini bildirdi.
Samimiy ruhda bo‘lib o‘tgan uchrashuv doirasida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA