Toshkent shahridagi eng yaxshi profilaktika inspektori, tergovchi, tezkor vakil va ekspert-kriminalist aniqlandi
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan «Eng yaxshi profilaktika inspektori», «Eng yaxshi tergovchi», «Eng yaxshi tezkor vakil» hamda «Eng yaxshi ekspert-kriminalist» ko‘rik-tanlovining ikkinchi bosqichi o‘tkazildi.
Mazkur tanlov xodimlarning kasbiy mahorati, xizmat faoliyati samaradorligi va amaliy ko‘nikmalarini baholash, shuningdek, o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan xodimlarni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Tanlov natijalariga ko‘ra aniqlangan g‘oliblar poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultonxo‘jayev tomonidan diplom hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
«Eng yaxshi profilaktika inspektori» yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rin Chilonzor tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘linmasi profilaktika inspektori, katta leytenant Farrux Qurbonboyevga nasib etdi.

“Eng yaxshi tergovchi” yo‘nalishi bo‘yicha mutlaq g‘oliblikni Olmazor tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘linmasi tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Muyassar Ochilova qo‘lga kiritdi.
«Eng yaxshi tezkor vakil» yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tezkor qidiruv xizmati katta tezkor vakili kapitan K. Olimjonov birinchi o‘rinni egalladi.

«Eng yaxshi ekspert-kriminalist» yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rin sovrindori Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Ekspert-kriminalistika markazi eksperti leytenant Doniyor To‘lamatov bo‘ldi.
Tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan xodimlar musobaqalarning Respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
N.Abduraimova, O‘zA