Jaloliddin Manguberdining qahramonligini madh etuvchi majmua
FOTOREPORTAJ
Urganch shahrida ochilgan Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasi buyuk ajdodimizning qahramonligini madh etuvchi g‘urur, iftixor maskani bo‘lish bilan birga, Xorazmning kun sayin o‘zgarib, chiroy ochib borayotgan qiyofasiga yanada ko‘rk qo‘shdi.
Jaloliddin Manguberdi tarixda jasorati va vatanparvarligi bilan nom qozongan. Uning Vatan ozodligi yo‘lida ko‘rsatgan mislsiz qahramonligi tillarda doston.
Yodgorlik majmuasida bo‘yi 25 metrni tashkil etadigan mahobatli haykal barpo etildi. Unda Jaloliddin Manguberdi tulpor jilovini mahkam tutib, el-yurt himoyasiga otlanib turgani tasvirlangan. Sultonning qat’iyatli, mag‘rur siymosida kelajakka katta ishonch bilan intilayotgan xalqimizning vatanparvarligi, bukilmas irodasi o‘z ifodasini topgan.
[gallery-8584]
Haykal oldida Jaloliddin Manguberdi bitiktoshining nusxasi o‘rnatildi. Eron hududidan topilgan, og‘irligi 32 kilogramm, balandligi 30 santimetr bo‘lgan bu toshda Qur’oni karim oyatlari, Jaloliddin Manguberdining shajarasi yozilgan. Uning asli hozirgi kunda Londondagi mashhur Britaniya muzeyida saqlanadi. Bu ham buyuk ajdodimizning jahon tarixidagi beqiyos shuhratidan dalolat beradi.
Majmua o‘rin olgan qariyb 8 gektar maydonda, Al-Xorazmiy va Islom Karimov ko‘chalarida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ushbu maydon ostidan o‘tadigan avtomobil tunneli barpo etildi. Hududga 18 mingga yaqin manzarali daraxtlar, gullar va butalar ekildi.
A’lo ABDULLAEV (surat),O‘zA