Xotiraga ehtirom — tinchlikka sadoqat
Buxoroda 9-may — Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 81 yilligi munosabati bilan keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bu sana nafaqat urush qurbonlari va faxriylarini yod etish, balki tinchlik, osoyishtalik va inson qadrini ulug‘lash kuni sifatida ham xalqimiz hayotida alohida o‘rin tutadi.
Erta tongdan Buxoro shahridagi Xotira maydonida jamoatchilik vakillari, davlat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari, harbiylar va yoshlar ishtirokida xotira tadbiri tashkil etildi. Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaropiov boshchiligida viloyat hokimi o‘rinbosarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, tibbiyot, ta’lim va boshqa sohalar vakillari qatnashdi.
Maydonga yig‘ilganlar Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, Vatan ozodligi, yurt tinchligi va kelajak avlod baxti uchun jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga yuksak ehtirom ko‘rsatdi. Sukunat saqlanib, urush yillarida halok bo‘lgan ajdodlar ruhi yod etildi.
Tadbir davomida tinchlik va osoyishtalikning qadri, mustaqillikning beqiyos ne’mati haqida fikrlar bildirildi.
Bugun yurtimizda hukm surayotgan osoyishtalik va farovonlik ortida urush qatnashchilari va mehnat fronti fidoyilarining mashaqqatli mehnati, jasorati va sabr-matonati mujassam. Shu bois Xotira va qadrlash kuni xalqimizni birlashtiradigan, inson qadrini ulug‘laydigan, ezgulik va bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etadigan muqaddas sana sifatida keng nishonlanmoqda.
Ayni kunlarda viloyatning barcha shahar va tumanlarida, mahalla va qishloqlarida, korxona va tashkilotlarda xotira tadbirlari, uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy kechalar va xayriya aksiyalari tashkil etilmoqda. Urush va mehnat faxriylari holidan xabar olinib, ularga ehtirom va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda.
[gallery-29324]
Xotira va qadrlash kuni bu o‘tmishni unutmaslik, ajdodlar jasoratini qadrlash va tinchlikning beqiyos ne’mat ekanini anglash kunidir. Urush va mehnat faxriylarining ibratli hayot yo‘li, Vatanga sadoqati hamisha yoshlar uchun yuksak namuna bo‘lib qoladi. Zero, millat xotirasi barhayot ekan, uning kelajagi ham mustahkam bo‘ladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA