Jadid bobolari hayoti va ijodining eng bilimdon o‘quvchilari saralandi
Surxondaryo viloyatida “Jadidlar izidan” mamlakat tanlovining tuman, shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilgi tanlovda viloyat maktablaridan 101 mingdan ortiq o‘quvchi qatnashib, o‘z bilim va iqtidorini namoyish etish istagini bildirdi. Maktablarning saralash bosqichlarida g‘olib bo‘lgan ikki mingga yaqin o‘quvchi uning tuman va shahar bosqichida ishtirok etdi.

Tanlovning Bandixon tumani bosqichida 45 ta maktabdan 90 nafar 6-8 hamda 9-10 sinf o‘quvchilari milliy qadriyat, urf-odat va an’analarimizga hurmat tuyg‘usini, mustaqillik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini ilgari surgan buyuk ajdodlarimiz merosidan xabardorlik darajasini sinovdan o‘tkazdi. Munavvar qori Abdurashidxonov, G‘ulom Zafariy, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Isoqxon To‘ra Ibrat, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Cho‘lpon, Mahmudxo‘ja Bexbudiy kabi jadid bobolarining hayoti va ijodiga oid test savollarini yechdi. Ikkinchi shartda jadidlar hayoti va ijodiga oid fikr-mulohazalarini erkin bayon etdi.

Ikki sinf toifasida o‘tkazilgan tanlovning 6-8 sinflar o‘rtasidagi bahsida 22-maktab o‘quvchisi Muslima Shoimova, 9-10 sinflar o‘rtasidagi bellashuvda 31-maktab o‘quvchisi Zebuzar Doniyorova faxrli birinchi o‘rinni egallab, viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri