Ipakchilik – milliy qadriyatga aylangan tarmoq
Surxondaryo viloyatida yetishtirilgan pilla xom ashyosi uyushqoqlik bilan terib olinib, qabul shoxobchalariga topshirilmoqda.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligining yetakchi tarmoqlaridan biri ipakchilikni rivojlantirish uchun pillakorlar har taraflama qo‘llab-quvvatlanib, rag‘batlantirilayotir. Sohaning ozuqa bazasini mustahkamlab, pishiq tolali xom ashyo yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 6-martdagi “Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Mutaxassislarning aytishicha, ipak sanoatda muhim o‘ringa ega xom ashyo. U nafaqat to‘qimachilik, balki yuqori texnologiyali sohalarda unumli ishlatiladi. Jahon bozorida ham sifat ko‘rsatkichlari yuqori pishiqli ipak tolasiga ehtiyoj ortib bormoqda. Jumladan, zamonaviy sanoatning tibbiyot va biomuhandislik sohalarida biologik moslashuvchan pishiq ipak tolasidan jarrohlik iplari va tibbiy materiallar ishlab chiqarishda foydalaniladi. Yuqori mustahkamlik talab etadigan maxsus texnik matolar masalan, parashyut va boshqa sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda qo‘llaniladi. Mamlakatimiz to‘qimachilik va yengil sanoatida ipak tolasidan atlas, adras kabi yuqori sifatli bejirim matolar ishlab chiqariladi. Yurtimizda ipakchilik faqat daromad manbai emas, balki elimizning fidokorona mehnatini namoyish etadigan milliy qadriyatga aylangan. Bu soha azaldan xalqimizning sabrlilik, mehnatsevarlik, mas’ullik kabi fazilatlarini ulug‘lagan. Ajdodlarimiz pilladan oladigan daromadining yuqori va qadrliligini ko‘rsatish uchun uni tilloga ham mengzagan.

Janubdagi voha ipak qurtini parvarishlab, mo‘l hosil olish uchun qulay iqlim, yetarli ozuqa bazasi va boy tajribaga ega. Sohada oilaviy ipak qurti boqib, qo‘shimcha daromad topishning hadisini olgan tajribali pillakorlar sulolasi mehnat qiladi.
Shu kunlarda viloyatdagi uzoq-yaqin mahallalarda bo‘lsangiz, pillakor oilalar qo‘ni-qo‘shnilari bilan hosilni qalbida quvonch, yuzida sevinch bilan yig‘ib olayotganiga duch kelasiz. Tunni kunga ulab qilgan mashaqqatli va sharafli mehnatining samarasidan huzurlanayotganini kuzatasiz.

Bu yil Muzrabot tumani pillakorlari 2 ming 754 quti ipak qurtini mehr bilan parvarishlab, mo‘l hosil to‘pladi. Shu kunlarda yetishtirilgan xom ashyoni yig‘ib olish qizg‘in davom etmoqda. Mavsumda 165 tonnadan ortiq sifatli tola topshirishni mo‘ljallayotgan pillakorlar tez kunlarda rejani ortig‘i bilan bajarishga bel bog‘lagan.
Angor tumanida ipak qurti parvarishlashda katta tajriba to‘plagan mohir pillakorlar bor. Zartepa mahallasida yashaydigan Shahnoza Xolmirzayeva ham ipak qurti boqib, mo‘l hosil olishda tanilgan tajribali pillakor. Mehnatkash pilla yetishtiruvchi ayol turmush o‘rtog‘i bilan mavsumda 15 quti ipak qurtini parvarishladi. Bahorning seryog‘in kunlari ham tuni bilan ipak qurtlarini mehr bilan oziqlantirib, tez rivojlanishiga qulay muhit yaratdi. Tumanda birinchilardan bo‘lib, hosilni yig‘ishtirib olishni boshladi.

– Mavsum boshidan buyon pilla qabul qilish maskaniga 400 kilogrammdan ortiq sifatli xom ashyo topshirdik, – deydi mohir pillakor Shahnoza Xolmirzayeva. – Yana besh yuz kilogrammga yaqin pilla yetkazib berishni mo‘ljallayapmiz. Bu oilamizga qo‘shimcha daromad bo‘ladi.
Joriy yil ilk mavsumda angorlik pillakorlar 3 ming 58 quti ipak qurtini boqib, 184 tonna hosil olishni ko‘zda tutmoqda.

Viloyatning Bandixon tumanidagi 432 xonadonda 966 quti pilla yetishtirildi. Ipak qurti parvarishida ikki ming xotin-qiz band bo‘ldi. Shu kunlarda bandixonlik pillakorlar ham hosilni tez, sifatli yig‘ib olishga alohida e’tibor qaratmoqda. 58 tonnalik momiq xirmon yaratish uchun ahillik bilan mehnat qilmoqda.
Shu kunlarda viloyatning Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Qiziriq, Termiz kabi tumanlarida ham tayyor bo‘lgan xom ashyoni peshma-pesh yig‘ib olib, qabul shoxobchalariga topshirish davom etmoqda. Bu jarayonda ipak qurti boquvchilari rag‘batlantirilib, ilg‘or pillakorlarga sovg‘alar topshirilayotgani ularning sohaga qiziqishini yanada oshirmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil Surxondaryo viloyatida 39 ming 66 quti ipak qurti parvarishlandi. Pillakorlar ipak qurti boqishning birinchi mavsumida qabul shoxobchalariga 2 ming 344 tonna pishiq tolali pilla topshiradi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri