Ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi
Aholining ijtimoiy himoyasi uchun boshqaruvning har bir bo‘g‘ini birdek mas’ul.
Ijtimoiy himoya milliy agentligida Jahon banki, YUNISEF hamda “Oxford Policy Management” (OPM) konsultantlari, shuningdek Agentlikning tegishli tarkibiy bo‘linmalari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv Agentlik va jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “INSON” loyihasi doirasida Agentlik va YUNISEF o‘rtasida imzolangan kelishuvga asosan o‘tkazildi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, OPM konsultantlari ikki yo‘nalishda yordam ko‘rsatish uchun jalb qilingan. Ya’ni, bolalar va oilalar uchun ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni baholash hamda loyiha doirasida asosiy ijtimoiy xizmatlarni konseptuallashtirish, keys-menejment jarayonlarini ijtimoiy xatarlar, mijoz yo‘li va xizmat ko‘rsatish sifati nuqtayi nazaridan tahlil qilish va mahalla darajasidagi ijtimoiy ish mexanizmlarini takomillashtirish.

Muzokaralar davomida tomonlar har ikki yo‘nalish bo‘yicha baholash natijalarini, keys-menejment ishlarini, aholining turli guruhlari ehtiyojlarini aniqlash va baholash tartiblarini, shuningdek Agentlik bo‘linmalari tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlarni yagona tizimga integratsiyalash masalalarini muhokama qildi.
Mazkur hamkorlikning asosiy maqsadi xalqaro tajriba asosida mahalla darajasidagi ijtimoiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish, shu orqali har bir ehtiyojmand oilaga manzilli ko‘mak yetkazishni ta’minlashdir.
Sherbek Islomov, O‘zA