Hamkorlik memorandumlari imzolandi
Kecha Samarqandda o‘z ishini boshlagan Global ekologik fond (GEF)ning VIII Assambleyasi hamda “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi tadbirlari doirasida Fond kengashining 71-yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda GEFga a’zo 186 mamlakat vakillari, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy institutlar, ekologik agentliklar, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, kecha “Silk Road Samarkand” majmuasida O‘zbekiston Respublikasi va Global ekologik fondning (GEF) VIII Assambleyasi bayroqlarini tantanali ko‘tarish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov hamda Global ekologik fond bosh direktori hamda strategiya va operatsiyalar bo‘yicha direktori Klod Gaskon ishtirok etdi.
Rasmiy qismdan so‘ng GEF Kotibiyati va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan hujjat Ekologiya milliy qo‘mitasi xodimlari uchun GEF Kotibiyatida amaliyot o‘tash va kasbiy tajriba almashish imkoniyatlarini yaratishni nazarda tutadi.
Memorandum doirasida tomonlar iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikni saqlash, yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurash, kimyoviy moddalar va chiqindilarni boshqarish sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, xalqaro va milliy ekologik tuzilmalar o‘rtasidagi institutsional aloqalarni mustahkamlashga kelishib oldi.

Assambleya doirasida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmonlar va yashil hududlarni ko‘paytirish hamda cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi direktori Erkin Muhiddinov hamda Yaponiyaning Sanoat, ma’naviy va madaniy taraqqiyot tashkiloti (OISCA) ijrochi vitse-prezidenti Nagaisi Yasuaki o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Hujjatga muvofiq, mamlakatimizda yangi o‘rmonlar barpo etish va muhofaza qilish, shuningdek, o‘rmonlardan barqaror foydalanishni ta’minlash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar izchil amalga oshiriladi. Shuningdek, yaponiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda Respublikaning qurg‘oqchil va degradatsiyaga uchragan hududlarida cho‘llanishning oldini olish hamda atmosfera havosining tozaligini ta’minlash maqsadida “yashil qoplamalar” barpo etiladi. Tomonlar, shuningdek, ko‘chat yetishtirishni rivojlantirish va noyob daraxt turlarining urug‘larini mahalliy iqlim sharoitlariga moslashtirish masalalarida hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Shu bilan birga, o‘rmon xo‘jaligi sohasida ilmiy tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Seminarlar, treninglar, o‘quv kurslari va forumlarni birgalikda tashkil etish rejalashtirilgan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri