Geografiya bilimdonlari saralanishdi
Sirdaryo viloyatida umumta’lim maktablarining 9-, 10- va 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida geografiya fanidan asosiy olimpiadaning ikkinchi — tuman va shahar bosqichi o‘tkazildi. Intellektual bellashuvda 1 119 nafar o‘quvchi ishtirok etib, o‘zining fanga oid bilimi, mantiqiy fikrlashi va tahlil qilish qobiliyatlarini namoyon etishdi.
Olimpiada yoshlarning geografiya fanidan o‘zlashtirgan bilimlarini sinovdan o‘tkazish, mustaqil fikrlash va muammolarga yechim topish ko‘nikmalarini baholash, shuningdek, iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash uchun muhim maydon bo‘ldi.
Ishtirokchilarning 425 nafari 9-sinf, 391 nafari 10-sinf hamda 303 nafari 11-sinf o‘quvchilarini tashkil etdi. Hududlar kesimida eng ko‘p qatnashchi Boyovut tumanidan bo‘lib, mazkur hududdan 208 nafar o‘quvchi bilimlar bellashuvida ishtirok etdi. Guliston shahridan 139 nafar, Sirdaryo tumanidan 131 nafar, Guliston tumanidan 122 nafar va Mirzaobod tumanidan 114 nafar o‘quvchi qatnashdi.
[gallery-31993]
Belgilangan tartibga ko‘ra, olimpiada uch smenada tashkil etildi. Birinchi smenada 9-sinf o‘quvchilari soat 09:00 dan 10:00 gacha, ikkinchi smenada 10-sinf o‘quvchilari soat 12:00 dan 13:00 gacha, uchinchi smenada esa 11-sinf o‘quvchilari soat 15:00 dan 16:00 gacha test topshiriqlarini bajardi. Har bir ishtirokchiga 30 ta test savolini yechish uchun 60 daqiqa vaqt ajratildi. Eng yuqori natija 50 ball etib belgilandi.
Geografiya fani o‘quvchilarga nafaqat Yer yuzasining tabiiy xususiyatlari, mamlakatlar va mintaqalar haqida bilim beradi, balki atrof-muhitdagi jarayonlarni anglash, hududlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni tahlil qilish va geografik tafakkurni rivojlantirishga ham yordam beradi. Shu nuqtai nazardan, fan olimpiadalari yoshlarning bilim salohiyatini namoyon etishi, izlanishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishi va kelgusidagi ta’lim yo‘nalishini belgilashida muhim ahamiyat kasb etadi.
— Bunday intellektual bellashuvlar o‘quvchilarning geografiya fanidan nazariy bilimlari, tahliliy fikrlashi va amaliy ko‘nikmalarini baholash, iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda ularni keyingi bosqichlarga tayyorlashda muhim o‘rin tutadi. Asosiy maqsadimiz — bilimli, izlanuvchan va iqtidorli o‘quvchilarni saralash, ularning fanga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishdan iborat, — dedi Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Xolboyeva.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA