Jamoat transporti yangilanmoqda: Yo‘lovchilar uchun qulaylik
Ilgari avtobusning qachon kelishini bilmay, bekatda ancha vaqt kutishga to‘g‘ri kelardi. Bugun esa jamoat transportidagi o‘zgarishlar faqat yangi avtobuslar bilan emas, balki qatnovlar oralig‘ining qisqarishi, qishloqlarning transport tarmog‘iga ulanishi va yo‘lovchilar oqimining ortishi bilan ham namoyon bo‘lmoqda.
Aslida yurtimiz jamoat transporti keyingi yillarda avvallari eng ko‘p tanqid qilinadigan sohadan qisqa vaqtda katta islohotlarga yuz burib, sezilarli yangilanishlar olib kirilgan tizimga aylandi. Hozir odamlar doimiy qatnov uchun avtobus yoki metroda harakatlanish ancha qulayligi haqida gapiryapti. Amaliyotda ham yo‘lovchilar oqimi oshib borayotganini ko‘rish mumkin, raqamlar tez-tez yangilanyapti.
Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida tashkil etilgan matbuot anjumanida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugun respublikada 3 ming 389 ta tadbirkorlik sub’ekti 374 ming 536 ta avtotransport vositasida yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. Shundan jamoat transporti yo‘nalishlarida jami 36 ming 878 ta avtotransport vositalari mavjud bo‘lib, bundan 8 ming 174 tasi avtobus, 4 ming 855 tasi mikroavtobus va 23 ming 849 tasi “Damas” avtomashinalarini tashkil etadi. Bundan tashqari, 335 ming 541 ta o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar, yo‘nalishsiz taksi faoliyatida aholiga transport xizmatini ko‘rsatib kelmoqda. Respublikada jami 2 868 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu yo‘nalishlardan 653 tasi shahar hududida, 2 041 tasi shahar atrofida, 174 tasi viloyat hududida shaharlararo yo‘nalishlarni tashkil etadi.
Transport sohasidagi muhim o‘zgarishlardan biri — tashuvchilar faoliyatini baholash mezonlarining o‘zgarishi. Brutto-shartnoma tizimida tashuvchiga to‘lov yo‘lovchilardan tushgan mablag‘ga emas, balki bajarilgan transport ishi hajmi va xizmat sifatiga qarab belgilanadi. Bu esa avtobuslarni belgilangan jadval asosida harakatlantirish va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan. Mazkur tizim joriy etilgan yo‘nalishlarda harakat intervali o‘rtacha 18–20 daqiqadan 10–12 daqiqagacha qisqargan. Yo‘lovchining manzilga yetib borish vaqti esa 45 daqiqadan 30 daqiqaga tushgan. Bugungi kunda respublika bo‘yicha shakllantirilgan 418 ta brutto-yo‘nalishdan 282 tasi amalda faoliyat yuritmoqda. Ularda avtobuslar harakatini onlayn nazorat qilish va bajarilgan transport ishini hisobga olish uchun IVMS axborot tizimi joriy etilgan.

Qulay transport tizimi faqat yirik shaharlar uchun emas, balki tuman markazlaridan uzoqda joylashgan qishloqlar aholisi uchun ham muhim. Ayniqsa, ishga, o‘qishga, shifoxonaga yoki davlat idoralariga borishda muntazam qatnovning mavjudligi aholi turmush sifatiga bevosita ta’sir qiladi. 2020–2026-yillarda respublika bo‘yicha 1 ming 37 ta yangi jamoat transporti yo‘nalishi tashkil etilgan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida transport bilan qamrab olingan mahallalar soni 9 ming 331 taga yetdi. E’tiborli jihati, jamoat transporti bilan qamrab olinmagan mahallalar soni 2021-yildagi 1 ming 118 tadan 111 tagacha kamaygan. Qamrov darajasi esa 87,9 foizdan 98,8 foizga yetgan. Bu ko‘rsatkich transport xizmatlarining hududlar bo‘ylab kengayib borayotganini anglatadi. Biroq qamrovning yuqori bo‘lishi bilan birga, yo‘nalishlardagi qatnovlar muntazamligi, avtobuslarning texnik holati va aholi ehtiyojiga mos jadvallarni ta’minlash ham muhim ahamiyatga ega.
Hududlarda ham yangi transport vositalarini joriy etish ishlari olib borilmoqda. Xorazmdagi trolleybus saroyi uchun 10 ta zamonaviy trolleybus xarid qilingan bo‘lib, ularni Urganch temir yo‘l vokzali — Xiva yo‘nalishiga joylashtirish rejalashtirilgan. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan Nukus, Samarqand va Namangan shaharlari uchun jami 252 ta elektrobus xarid qilish loyihalari ham amalga oshirilmoqda. 2030-yilga qadar esa shahar va tumanlardagi avtobuslar sonini 5 mingtaga, elektrobuslar sonini 2 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.
Yangi avtobuslarni xarid qilishning o‘zi yetarli emas. Agar ular umumiy transport oqimida tirbandlikda qolib ketsa, qatnov jadvaliga rioya qilish va yo‘lovchilarni manzilga o‘z vaqtida yetkazish qiyinlashadi. Shu sababli alohida avtobus yo‘laklarini tashkil etish ham jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Hozir Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida jami 432,3 kilometr alohida avtobus yo‘lagi tashkil etilgan. 2026-yilda esa qo‘shimcha 87 kilometr shunday yo‘lak foydalanishga topshirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA