“El-yurt umidi” jamg‘armasi imkoniyatlari namanganlik yoshlarga taqdim etildi
Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi va xalqaro tajriba orttirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu borada “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan hududlarda tashkil etilayotgan uchrashuvlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari doirasida Namangan viloyatida ham qator uchrashuvlar tashkil etildi. Ularda talaba va o‘quvchilarga xalqaro stipendiya dasturlari, tanlovlarda ishtirok etish shartlari hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Jumladan, Toshkent kimyo xalqaro universitetining Namangan filialida viloyat oliy ta’lim muassasalari talabalari bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Yuzma-yuz va onlayn shaklda o‘tkazilgan uchrashuvda chekka hududlardagi yoshlar ham ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Muloqotda jamg‘arma vakillari xorijning nufuzli universitetlarida tahsil olish, stipendiya tanlovlarida qatnashish tartibi, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va saralash bosqichlari yuzasidan batafsil tushuncha berdi.
Shuningdek, Namangan shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Unda yoshlarning iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, kelgusidagi ta’lim yo‘nalishini to‘g‘ri tanlash hamda xalqaro stipendiya dasturlaridan samarali foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi. O‘quvchilarga xorijiy universitetlarga o‘qishga kirish va tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ta’kidlanganidek, 2018–2025-yillarda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali qariyb 2 ming 300 nafar o‘g‘il-qiz dunyoning 40 ga yaqin mamlakatiga xalqaro tajriba orttirish uchun yuborilgan. Ularning 1 ming 600 nafardan ziyodi yurtimizga qaytib, turli sohalarda faoliyat yuritmoqda.
2025–2026-yillarda o‘tkazilgan ochiq stipendiya tanlovlarida 447 nafar yosh jamg‘arma stipendiyasi g‘olibi bo‘lgan. Ularning 80 foizi dunyoning eng nufuzli 100 ta universiteti qatoriga kiruvchi oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan.
[gallery-31997]
Tadbirlar davomida jamg‘armaning asosiy vazifalari, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlari hamda bu borada belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Namangandagi uchrashuvlar yoshlarning xalqaro ta’lim imkoniyatlari haqidagi tasavvurlarini kengaytirish, ularni o‘z oldiga aniq maqsadlar qo‘yishga undash hamda kelgusida malakali mutaxassis bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA