«Galatasaroy» Brunu Fernandesh transferiga qiziqmoqda
Istanbul klubi «qizil iblislar» sardorining maosh bo‘yicha talablarini to‘liq qondirishga tayyor.
Turkiyaning «Galatasaroy» klubi «Manchester Yunayted» yarim himoyachisi Brunu Fernandeshni o‘z safiga qo‘shib olishni istamoqda.
Transfer News Live HT Spor ma’lumotiga tayanib xabar berishicha, Istanbul klubi «qizil iblislar» sardorining maosh bo‘yicha talablarini to‘liq qondirishga tayyor.
Ayni paytda portugaliyalik futbolchi haftasiga 300 ming funt sterlingdan (350 ming yevrodan ortiq) maosh olmoqda.
31 yoshli futbolchining «Manchester Yunayted» bilan shartnomasi kelasi yil yozida yakuniga yetadi. Biroq bitimda uni yana bir yilga avtomatik uzaytirish bandi ham mavjud.
Transfermarkt portaliga ko‘ra, Brunu Fernandeshning bozor qiymati 35 million yevroni tashkil etadi.
Portugaliyalik yarim himoyachi 2020-yil yanvaridan buyon «Manchester Yunayted» sharafini himoya qilib kelmoqda.