FVV sohasida xalqaro hamkorlik rivojlanmoqda
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida Vengriyaning Obuda universiteti rektori maslahatchisi Ne’met Antal rahbarligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari akademiyaning zamonaviy Axborot-resurs markazi, laboratoriya va o‘quv xonalari, dars jarayonlari hamda moddiy-texnik bazasi bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuvda xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ta’lim sifatini oshirish hamda ilg‘or xorijiy tajribani o‘quv jarayoniga joriy etish masalalari muhokama qilindi. Xususan, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish va kasbiy qayta tayyorlash, o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash, akademik mobillikni yo‘lga qo‘yish hamda Akademiya tinglovchilarining Obuda universiteti Muhandislik fakultetida tahsil olishini tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, favqulodda vaziyatlarni boshqarish, ofatlar xavfini kamaytirish, yong‘in xavfsizligi, qutqaruv operatsiyalari va fuqaro muhofazasi yo‘nalishlarida zamonaviy ta’lim dasturlari va metodikalarini joriy etish, universitet professorlarini Akademiyaning ta’lim jarayoniga jalb qilish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida Obuda universiteti rektori maslahatchisi Ne’met Antalga FVV akademiyasining esdalik nishoni topshirildi. Tomonlar samimiy qabul va mazmunli muloqot uchun o‘zaro minnatdorlik bildirib, kelgusida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladi.
Mazkur tashrif favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va xalqaro ta’lim aloqalarini kengaytirish yo‘lidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish imkonini berdi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA