Eksportbop perilla yetishtirish yo‘lga qo‘yildi
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish va eksportbop mahsulotlar yetishtirishga qaratilgan navbatdagi innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda. Tumanning Muqimiy mahallasi hududidagi tajriba maydonida bug‘doydan bo‘shagan 5 gektar yerga Janubiy Koreyadan keltirilgan perilla o‘simligi ilk bor tajriba-sinov tariqasida ekildi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi ko‘magida amalga oshirilmoqda. Uni moliyalashtirish uchun qariyb 890 million so‘m grant mablag‘i ajratilgan. Mazkur mablag‘ yuqori sifatli urug‘lik materiallari xarid qilish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, ilmiy kuzatuvlar olib borish hamda kelgusida mahsulotni qayta ishlash yo‘nalishlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
Perilla mamlakatimiz uchun hali keng tarqalmagan bo‘lsa-da, jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan istiqbolli ekinlardan biri hisoblanadi. Uning bargi, urug‘i va moyi oziq-ovqat, farmatsevtika hamda kosmetika sanoatida qimmatbaho xomashyo sifatida keng qo‘llaniladi. Ayniqsa, perilla urug‘idan olinadigan moy tarkibida Omega-3 yog‘ kislotalari, tabiiy antioksidantlar va boshqa biologik faol moddalarning yuqori miqdorda mavjudligi mahsulotning xalqaro bozordagi qiymatini yanada oshiradi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, perilla nafaqat eksportbop mahsulot, balki inson salomatligi uchun ham foydali o‘simlikdir. Uning barglaridan salatlar, milliy va Yevropa taomlari tayyorlashda, shuningdek, funksional oziq-ovqat hamda dorivor mahsulotlar ishlab chiqarishda keng foydalaniladi. Xushbo‘y hidi va o‘ziga xos ta’mi bilan rayhon hamda limon o‘tini eslatuvchi ushbu o‘simlik qator rivojlangan mamlakatlarda kundalik iste’mol mahsuloti sifatida qadrlanadi.

— Ushbu ekinni yetishtirish jarayonida janubiy koreyalik hamkorlarimiz va soha olimlari bevosita ishtirok etishmoqda. Bu bo‘yicha o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan. Agar tajriba kutilgan natijani bersa, kelgusi yildan boshlab perillani tumanda ikkinchi ekin sifatida keng maydonlarda ekishni rejalashtirganmiz. Bargini quritib eksport qilish, urug‘idan esa yuqori qiymatli moy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan. Bugun xalqaro bozorda quritilgan perilla bargining bir kilogrammi o‘rtacha 70 AQSH dollarigacha baholanmoqda. Bu fermerlar uchun ham, tuman iqtisodiyoti uchun ham yangi daromad manbai va yuqori qo‘shimcha qiymat demakdir, — deydi Boyovut tumani hokimining innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Murodjon To‘raqulov.

Uning ta’kidlashicha, perillaning mahalliy iqlim sharoitiga moslashuvini baholash maqsadida dastlabki kuzatuvlar avvalroq ham o‘tkazilgan. Xususan, ikki oy muqaddam tomorqa hovlisiga ekilgan atigi 50 gramm urug‘dan unib chiqqan o‘simliklar bugun yaxshi rivojlanib, ayrim tuplarining bo‘yi ikki metrga yetgan. Eng muhimi, o‘simlik mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga muvaffaqiyatli moslashgani va barglarining xushbo‘yligi saqlangani tajribaning ijobiy kechayotganini ko‘rsatmoqda.
Perillaning yana bir afzalligi shundaki, u qisqa vegetatsiya davriga ega. Shu bois uni bug‘doydan keyin ikkinchi ekin sifatida yetishtirish mumkin. Bu esa yerdan samarali foydalanish, fermerlar daromadini oshirish hamda eksportbop mahsulotlar turini kengaytirish imkonini beradi. Kelgusida perillani sanoat asosida qayta ishlash, urug‘idan moy ishlab chiqarish va quritilgan barglarini tashqi bozorlarga eksport qilish bo‘yicha to‘liq qiymat zanjirini shakllantirish rejalashtirilgan.

— Bugun tabiiy o‘simlik moylari va dorivor xomashyoga bo‘lgan jahon talabi muttasil oshib bormoqda. Shu nuqtai nazardan perilla yetishtirish Sirdaryo viloyati uchun yangi eksport yo‘nalishini shakllantirishi mumkin. Boyovutda boshlangan mazkur loyiha innovatsiya, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasining amaliy namunasi bo‘lib, nafaqat tuman, balki respublika qishloq xo‘jaligi uchun ham muhim tajriba vazifasini o‘taydi, — deydi Murodjon To‘raqulov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri