Gaz ta’minotida raqamlashtirish: shaffoflik va qulaylikka xizmat qilayotgan tizimlar
FOTOREPORTAJ
“Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan press-tur va matbuot anjumanida sohada amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlari, zamonaviy boshqaruv tizimlari hamda iste’molchilarga yaratilayotgan qulayliklar haqida ma’lumot berildi.
Tadbirda suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimiga joriy etilgan “Face ID” hamda “E-gaz” dasturlari imkoniyatlari namoyish etildi. Qayd etilganidek, maxsus planshetlar orqali gaz yetkazib berish jarayoni nazorat qilinib, iste’molchining gaz olgan vaqti va miqdori haqidagi ma’lumotlar avtomatik ravishda bazaga kiritilmoqda va SMS-xabarnoma tarzida yuborilmoqda. Bu esa noqonuniy va takroriy ajratish holatlarining oldini olishga xizmat qilmoqda.
[gallery-30235]
Press-tur davomida jurnalistlar “ArcGIS HGT onlayn boshqaruv” tizimi bilan ham tanishdi. Ushbu tizim orqali chilangarlarning kunlik faoliyati, gaz tarmoqlaridagi texnik holat va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyaviy holatlar nazorat qilinayotgani ta’kidlandi.
Matbuot anjumanida viloyatda gaz infratuzilmasini yangilash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Qayd etilishicha, 37,65 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 71 ta ob’ektda 102,4 kilometr gaz quvurlari rekonstruksiya qilinib, 4,3 kilometr yangi tarmoqlar barpo etildi. Natijada 57 ta mahallada yashovchi 53 mingdan ziyod aholining gaz ta’minoti sifati yaxshilandi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA