Diplomatiyada “Uch avlod uchrashuvi”
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Yoddan chiqmaslar” turkumi doirasida “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Nuroniylar va mehnat faxriylari, jamoatchilik faollari, ziyolilar, professor-o‘qituvchilar hamda universitet talabalari ishtirok etgan tadbirda katta avlod vakillarining boy hayotiy tajribasi va ibratli faoliyatini yosh avlodga yetkazish, avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy rishtalarni mustahkamlash, yoshlarda Vatanga sadoqat, mehnatsevarlik, insonparvarlik va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yanada yuksaltirish borasida fikr mulohazalar bildirildi.
Xususan, uchrashuv davomida yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan, ko‘p yillik samarali mehnati bilan jamiyat hayotida munosib iz qoldirgan faxriylar o‘zlarining hayot yo‘li, mehnat faoliyati va hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Shuningdek, tadbir doirasida universitet hayotidagi muhim tashabbuslardan biri — universitetning “Qalqon” guruhi a’zolariga guvohnomalar topshirish marosimi ham tashkil etildi. Marosimda guruh a’zolarining universitet hayotidagi faol ishtiroki, jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashga ko‘maklashish, talabalar o‘rtasida mas’uliyat, intizom va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash borasidagi tashabbuslari e’tirof etildi. Guruh a’zolariga guvohnomalar tantanali ravishda topshirilib, ularning kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyat va yangi marralar tilandi.
Faxriylar yoshlarni puxta bilim olishga, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashga, doimo izlanishda bo‘lishga, mehnatsevarlik va mas’uliyatni hayot mezoniga aylantirishga chaqirdilar. Shuningdek, vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shish har bir insonning muqaddas burchi ekani ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, bu kabi uchrashuvlar yoshlar uchun katta avlod vakillarining hayotiy tajribasini o‘rganish, ulardan ibrat olish, shuningdek, avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA